Daryo

Qurilish shartnomasini bekor qilgan isteʼmolchi jarima toʻlashga majburmi?

Oʻzbekistonda baʼzi quruvchi korxonalar uy oldi-sotdisiga oid shartnomani bekor qilgan mijozdan pul undirmoqda. Raqobat qoʻmitasi bu noqonuniy harakat ekanini bildirib, aholini xonadon sotib olishda ogohlikka chaqirdi.

1 daqiqa o‘qish1 736 ko‘rishlar0 izoh1

Oʻzbekistonda baʼzi qurilish korxonalari shartnomani bekor qilgan isteʼmolchidan 10 foiz jarima undirmoqda. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi maʼlum qildi.

Qoʻmita fuqarolarni ogohlantirib, bunday harakat noqonuniy ekanini bildirdi.

“Murojaatlarni oʻrganish jarayonida ayrim qurilish korxonalari shartnomalarga qonunchilikka zid bandlar kiritayotgani aniqlandi. Xususan, shartnoma shartlarida “agar isteʼmolchi oʻz tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti isteʼmolchi tomonidan toʻlangan mablagʻning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega” deb belgilangan holatlar koʻplab kuzatilmoqda. Amalda esa bunday talablar qonun normalariga zid hisoblanadi”, deyiladi manbada.

2025-yilda Raqobat qoʻmitasi sakkiz nafar isteʼmolchiga qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilishga koʻmaklashgan. Ularga asossiz ravishda jarima solishning oldi olinib, 1,5 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ qaytarilishi taʼminlangan.

Qoʻmita Fuqarolik kodeksining bir necha moddalarini misol sifatida keltirib, aholini ogohlikka chaqirigan. Jumladan, 385-moddada shartnoma bekor qilinganda faqat ikkinchi tarafga aniq zarar yetkazilgan taqdirdagina uni qoplash mumkinligi belgilangani qayd etilgan.

Kodeksning 14-moddasida “zarar” tushunchasi haqiqiy zarar va boy berilgan foyda sifatida koʻrsatilgani, amalda isteʼmolchi shartnomani bekor qilganda qurilish tashkilotiga zarar yetmasligi taʼkidlangan.

“Chunki koʻp qavatli uylar tipik loyiha asosida quriladi va qurilish tashkilotlari bunday obyektlarni osonlikcha boshqa xaridorga sotishi mumkin. Bundan tashqari, uylarga talab yuqori va narxlar yildan yilga ortib borayotgani qurilish tashkilotlari koʻp hollarda foyda koʻrishini taʼminlaydi”, deya tushuntirgan qoʻmita.

Shu bilan birga, kodeksning 260-moddasiga asosan neustoyka (jarima, penya) qarzdor oʻz majburiyatini bajarmagan holdagina qoʻllanishi mumkin.

Isteʼmolchi shartnomani bekor qilsa, jarima undirish holati “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga ham zidligini bildirilgan.

Qoʻmita aholidan yangi qurilayotgan uylardan xonadon xarid qilishda shartnoma shartlari bilan toʻliq tanishib chiqishni soʻragan. Agar huquqiy bilim yetarli boʻlmasa, malakali yurist yoki advokat xizmatidan foydalanish muhimligi taʼkidlangan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar