Daryo

“O‘zbekiston debyutant bo‘lishiga qaramay, JChga faqat tajriba orttirish uchun bormaydi” — Germaniya matbuoti

Fussbalfieber nashri mundialga ilk marta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan jamoalar qatorida O‘zbekistonning turnirdagi imkoniyatlarini tahlil qildi.

2 daqiqa o‘qish4 956 ko‘rishlar0 izoh2

Germaniyaning nufuzli Fussballfieber sport nashri 2026-yilda Kanada, Meksika va AQSHda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etadigan terma jamoalar — Kyurasao, Iordaniya va Kabo-Verde qatorida O‘zbekiston terma jamoasi haqida maxsus maqola e’lon qildi.

O‘zbekiston terma jamoasi 2026-yilda o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi. Bungacha o‘zbekistonlik futbolchilar yetti bor mundial yo‘llanmasi uchun kurashgan, biroq har safar omad yetishmagan. Muxlislar tomonidan mehr bilan “Oq bo‘rilar” deb ataladigan terma jamoa nihoyat 2025-yil 5-iyun kuni sakkizinchi urinishda tarixiy maqsadga erishdi.

BAA terma jamoasiga qarshi 0:0 hisobidagi durang O‘zbekistonga Jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etdi. FIFA reytingida o‘sha vaqtda 58-o‘rinda bo‘lgan O‘zbekiston shu tariqa Markaziy Osiyodan JChga chiqqan ilk davlatga aylandi. Aholisi qariyb 37 million bo‘lgan mamlakat JCh–2026 turniridagi eng yirik debyutant sifatida qayd etildi. Saralash bosqichida o‘zbekistonliklar 2022-yilgi mundial mezboni Qatarni ham ortda qoldirdi.

Foto: “fussballfieber.de”

G‘alaba va e’tirof

Tarixiy natija mamlakat bo‘ylab katta shodiyona bilan qarshi olindi. BAAga qarshi uchrashuvdan so‘ng futbolchilar vaqtinchalik bosh murabbiy Timur Kapadzeni ramziy tarzda suv sepish orqali tabrikladi. Albatta, alkogolsiz, chunki O‘zbekiston musulmon mamlakatidir.

Muvaffaqiyat davlat darajasida ham e’tirof etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jahon chempionatiga chiqqan barcha futbolchilarni faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirladi. Shuningdek, har bir futbolchiga yangi avtomobil sovg‘a qilindi.

“Oq bo‘rilar” yetakchilari

2026-yilgi JChda O‘zbekiston terma jamoasini ikki muhim shaxs boshqaradi. 2025-yil oktabridan buyon jamoani Fabio Kannavaro boshqarib kelmoqda. Qiziq jihati shundaki, bu lavozim dastlab germaniyalik mutaxassis Yoaxim Lyovga taklif qilingan, biroq u rad javobini bergan. Natijada 2006-yilgi Jahon chempioni bo‘lgan italiyalik murabbiy o‘zbekistonlik futbolchilarni mundialga tayyorlamoqda.

Jamoa yetakchilaridan biri — himoyachi Abduqodir Husanov. U 2025-yil yanvardan buyon Pep Gvardiola qo‘l ostida “Manchester Siti” safida to‘p surmoqda va Angliya Premer-Ligasida o‘ynayotgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirgan.

Foto: “fussballfieber.de”

Mundial sinovlari

JCh–2026 turnirida O‘zbekistonni jiddiy sinovlar kutmoqda. “K” guruhi doirasida “Oq bo‘rilar” 2016-yilgi Yevropa chempioni Portugaliya va afsonaviy Krishtianu Ronalduga qarshi bahs olib boradi. 41 yoshli Ronaldu ehtimoliy so‘nggi JChda bir qator rekordlarni yangilashni ko‘zlamoqda, jumladan, mundialda ishtirok etgan eng yoshi katta futbolchi va eng yoshi katta gol muallifi sifatida.

Shuningdek, O‘zbekiston Kolumbiya va yana pley-off orqali aniqlanadigan terma jamoaga qarshi maydonga tushadi. Debyutant bo‘lishiga qaramay, “Oq bo‘rilar” faqat tajriba orttirish bilan cheklanmaydi — ular guruhdagi uchinchi o‘rin orqali pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini jiddiy ko‘zlamoqda.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar