O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Oʻzbekiston U-17 terma jamoasini Osiyo Kubogi chorak finalida Janubiy Koreya ustidan qozongan gʻalabasi bilan tabrikladi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
“U-17 terma jamoamiz bilan faxrlanamiz! Futbolchilar oʻzbekistonliklarga xos jangovar ruhni namoyish etib, munosib ravishda yarim finalga yoʻl olishdi. Murabbiylar shtabi, futbolchilar va bu yutuqqa hissa qoʻshgan barchani tabriklayman. Shu ruhda davom eting, yigitlar”, deya ta’kidlagan Kannavaro.
Ma’lumot uchun, Sergey Chigodayev boshqaruvidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi 2026-yilgi Osiyo Kubogi chorak finali doirasida Janubiy Koreyani penaltilar seriyasida 5:3 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning yarim finaliga yo‘l oldi. O‘yin asosiy vaqti 2:2 hisobida yakunlandi.
90+4-daqiqada bosh murabbiy jamoaning asosiy darvozaboni Olim Shomurodov o‘rniga penaltilar seriyasida ishtirok etish uchun Mehroj Sirojiddinovni maydonga tushirdi. Sirojiddinov bitta zarbani bartaraf etdi va bu g‘alaba uchun yetarli bo‘ldi. O‘zbekistonlik futbolchilarning barchasi zarbani aniq ijro etib, g‘alabaga erishdi.
O‘zbekiston 19-may kuni yarim finalda Yaponiyaga qarshi bahs olib boradi. Kunchiqar yurt vakillari chorak finalda Tojikistonni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.








