“Daryo”da Surxondaryoda 2018-yil prezident sovgʻasi sifatida topshirilgan xonadon kreditga olingan uy boʻlib chiqqani hikoya qilingandi. Qumqoʻrgʻon tumani hokimligi nogironligi bor fuqarolarga berilgan ushbu xonadonlar sovgʻa sifatida berilmaganini, uyning kredit ekani fuqarolarga tushuntirilganini maʼlum qildi.
Hokimlik bu uylarning boshlangʻich toʻlovi boʻlgan umumiy hisobda 445,2 million soʻm mablagʻni mahalliy byudjet hisobidan qoplab bergan.Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2017-yil 1-avgustdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishi ijrosi doirasida Qumqoʻrgʻon tumani Bogʻaro-2 massivida ijtimoiy himoyaga muhtoj 25 nafar nogironligi boʻlgan shaxslarga ikki sotixdan iborat namunaviy uy-joylar ajratilgan. Mazkur turar joylar farmoyishda belgilangan tartibda, fuqarolarning roziligi asosida imtiyozli ipoteka krediti orqali ajratilgan, deyiladi hokimlik bayonotida.
Taʼkidlanishicha, Shahnoza Gulboyevaga ajratilgan “Bogʻaro” mahalla Yogʻdu koʻchasidagi 10-uy ham imtiyozli ipoteka krediti asosida berilgan boʻlib, toʻlovlar Qumqoʻrgʻon tumani hokimligi tomonidan homiylar jalb etilgan holda toʻlab kelinmoqda.Bu haqda masʼul tashkilotlar tomonidan uy-joy ajratilgan oilalarga bir necha bor tushuntirish ishlari olib borilgan, deydi masʼullar.
2026-yil yanvar oyi uchun 2 million soʻm miqdoridagi kredit qarzdorligi homiylik mablagʻlari hisobidan qoplab berilgan, deyiladi masʼullar izohida.
Qoʻshimcha qilinishicha, shu kabi boshqa oilalar uchun ajratilgan xonadonlar kreditlari ham homiylar biriktirilgan holda toʻlab berilmoqda.
Bunda fuqarolarning pensiya yoki nafaqa mablagʻlaridan kredit toʻlovlari ushlab qolinishiga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilangan boʻlib, ushbu masala tuman hokimligi tomonidan doimiy nazoratga olinganini maʼlum qilamiz, deyiladi tuman hokimligi munosabatida.
Hokimlik bayonotida Shahnoza Gulboyeva nomidagi 170 million soʻmga yaqin qarzdorlik qanday qoplanishi haqida soʻz yuritilmagan.








