Daryo

Qumqo‘rg‘onda ota 9 yoshli qiziga tezak yedirdi. Onaning arzi esa javobsiz qolmoqda

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida ota o‘zining 9 yoshli qizini jazo maqsadida qiynab, og‘ziga mol tezagi solib, ustidan qaynoq suv quygan. Qizning “Daryo” bilan gaplashgan onasi yozgan arizaga qaramasdan, otaga hech qanday chora ko‘rmaganini aytmoqda.

2 daqiqa o‘qish22 000 ko‘rishlar2 izoh10

Qumqo‘rg‘on tumanining Xo‘jaqishloq mahallasida yashovchi ota B.CH. 9 yoshli qizini jazolash maqsadida o‘z uyida molxonadan tezak olib kelishni buyurgan va uni majburlab qizning og‘ziga solishga uringan. “Daryo” ixtiyoriga kelib tushgan videoda ko‘rinishicha, qiynoq davomida “yana siyasanmi?” deb so‘ragani eshitilgan. Bo‘lib o‘tayotgan mash’um voqeani otaning o‘zi telefonida videoga olgan. (Video o‘ta ta’bni xira qilishi sababli e’lon qilinmadi — tah). 

Voqea ustiga kelib qolgan onasi O.A. eshik oldidan turib, “Nima qilyapsiz? Tegmang. B*q yediraman deb tug‘uvdimmi? Tentak bo‘lib qoladi-ku axir”, degan… So‘ngra qiz yo‘talgancha qochib xonadan chiqqan.

Ota tashqariga qochib chiqqan qizini yana oldiga chaqirib olgan va yotqizib olib, majburlab tezakni qizining og‘ziga solgan. So‘ngra shu xonada bo‘lib turgan 7 yoshli qizi otasining buyrug‘i bilan olib kelgan piyoladagi qaynoq suvni to‘ng‘ich qizining og‘ziga quygan.

Foto: Videodan skrinshot

“Daryo” muxbiri voqeaga guvoh bo‘lgan onadan voqea tafsilotini so‘radi. Uning aytishicha, ayol B.CH. bilan qonuniy nikohda. 9, 7 va 4 yoshli uch nafar farzandlari bor. Videodagi qiz ularning to‘ng‘ich farzandi. Kenja farzand — o‘g‘il. Ota qizlariga muttasil “ukangning tezagini yediraman” deb ruhiy bosim o‘tkazib keladi. “Oxir-oqibat shu tahdidini amalga oshirdi”, deydi ona. “Eringiz ichadimi?” degan savolga “umuman ichmaydi”, dedi rafiqa.

Onaning aytishicha, o‘sha kuni u ham kaltak yegan. Mart oylarining o‘rtalarida Qumqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan, holatning videosini diskka yozib taqdim qilgan. Mahalla uchastka noziri ish ochib, tuman IIBga oʻtkazgan. Hanuzgacha oilaviy zoʻravonlik sodir etgan otaga hech qanday chora ko‘rilmagan. Mahalla rahbarlarining ham hammasidan xabari bor. “Hech kim hech narsa qilolmaydi, kimingga ishonyapsan, nimangga suyanyapsan?!”, degan eri.

“Nega darhol emas, mart oyiga kelib ariza yozdingiz?” degan savolga u voqeaning videotasviri borligini shu paytga kelib bilganini aytdi. Qolaversa, otasi 8-yanvar kuni uydan Qozog‘istonga ishga ketib qolgan. Uchastka noziri esa “kelsa gaplashamiz”, degan.

Onaning aytishicha, bu voqeadan so‘ng qizining mazasi qochgan, uni davolatishga ko‘p yugurgan: “Qizim haftalab ovqat yeyolmay qoldi. Yuzlarida barmoq izlari qolib ketdi”.

Ona hech joyda ishlamas ekan, faqat uyda tikuvchilik bilan kun ko‘rar ekan. “Hozir ham erim qayergadir chiqib ketgan. Qarzga botib ketdim. Tashlab ketay desam mendan boshqa qarovchi yo‘q. Uyda o‘tirsam bolalarim och qolyapti. Uch bolani boqish o‘z zimmamga qolib ketdi”, deydi u.

Bolalar ombudsmani “Daryo”ga voqea yuzasidan izoh berdi.

“Olis hududlarda o‘z vaqtida chora ko‘rilmaslik vaziyatlari kuzatilishi mumkin, shu sababli biz holatni bola manfaatida o‘rganib, chora ko‘rishni talab qilamiz”, deyiladi izohda. Shu bilan birga, hozirda holat bolalar ombudsmani tomonidan oʻrganilayotgani, bu haqda qoʻshimcha maʼlumot taqdim etilishi bildirildi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar