Daryo

“Havo zarbasidan quruqlik bosqiniga qadar”. Trampga Eron bo‘yicha takliflar berildi

AQSH prezidenti hozircha harbiy amaliyot o‘tkazish uchun “yashil chiroq” yoqmagan. Shuningdek, Pentagon tomonidan taklif etilgan variantlardan birortasini ham tanlamagan.

1 daqiqa o‘qish6 718 ko‘rishlar0 izoh1

Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Erongа qarshi harbiy kuch qo‘llash bo‘yicha bir qancha variantlar bilan tanishdi. Bu haqda The New York Times Vashingtondagi mulozimlarga tayanib xabar berdi.

Nashr suhbatlashgan rasmiylarning aytishicha, Oq uy rahbariga Eronning yadroviy va raketa infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan bir qancha takliflar berilgan. Shuningdek, mamlakat oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyni nishonga olish rejasi taqdim etilgan. Qayd etilishicha, ular Tramp ikki hafta avval ko‘rib chiqqan rejalardan ko‘ra keskinroqdir.

O‘shanda AQSH prezidenti Eron xavfsizlik kuchlari va ularga aloqador qurolli tuzilmalarni namoyishchilarga o‘t ochishda ayblab, Tehronga qarshi kuch qo‘llash bilan tahdid qilgan edi. Eron esa o‘z navbatida, AQSH va Isroilni tartibsizliklar uyushtirishda ayblab, bo‘lgan voqealar uchun javobgarlikni Donald Trampga yuklagandi.

Oq uy vakillarining ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar mintaqada kuch to‘playotgan bo‘lsa-da, Tramp hozircha harbiy amaliyot o‘tkazishga ruxsat bermagan. Shuningdek, Pentagon tomonidan taklif etilgan variantlardan birortasini ham tanlamagan. Nashrga ko‘ra, bu AQSH prezidenti diplomatik yechim ehtimolini istisno qilmayotganidan dalolat beradi. 

Ayrim mutaxassislar Donald Trampning tahdidli bayonotlarini Tehronni muzokaralarga undash uchun bosim sifatida baholayapti. Ularning fikricha, Eron rasmiylari yangi kelishuvga rozi bo‘lmagan taqdirda Qo‘shma Shtatlar harbiy kuch qo‘llashi mumkin.

Tehron ham muzokaralarga ochiq ekanini, biroq harbiy agressiyaga qarshi munosib javob qaytarishga ham tayyorligini ta’kidlamoqda. Ortib borayotgan taranglik fonida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Turkiyaga keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u turk hamkasbi bilan mintaqaviy xavfsizlik masalalarini, jumladan, Qo‘shma Shtatlar hujumining oldini olish kabi masalalarni muhokama qilgan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar