AQSH prezidenti Donald Tramp, agar Tehron Hormuz bo‘g‘ozini ochmasa va Livandagi o‘z proksi kuchlarining harakatlariga to‘sqinlik qilmasa, Eronga yana og‘ir zarba berish bilan tahdid qildi. Bu haqda u Fox News muxbiri Trey Ingstga aytgan va Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ham post qoldirgan.
“Agar Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopsa, men ularni yo‘q qilib yuboraman. Uni yopsangiz – mamlakatingizdan ayrilasiz. Hatto o‘z yurtingizga ham qaytib bora olmaysiz”, dedi Tramp Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga murojaat qilib.
Tramp shanba kuni Hormuz bo‘g‘ozi orqali 19 million barrel neft o‘tganini ta’kidlab, AQSH bu yo‘nalish ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olishi va neftning 20 foizini olib qolishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
“Agar zarur bo‘lsa, bo‘g‘ozni nazorat ostiga olishimiz mumkin. Agar ular kelishuv tuzmasa, biz boj undiramiz”, dedi u.
Bundan tashqari, u Eronni Hizbulloh faoliyat yuritayotgan Livandagi proksi kuchlarini jilovlab qo‘yishga chaqirgan.
“Eron Livanda muammolar keltirib chiqarayotgan katta haq evaziga yollangan proksi kuchlarining harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishi shart. Aks holda, biz o‘tgan haftadagidek Eronga yana juda qattiq zarba beramiz, faqat bu safar kuchlirog‘ini!”, deb yozdi Tramp.
Shuningdek, u Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaaga Livanning janubiy qismiga kirish va Hizbullohga qarshi kurashga qo‘shilish uchun vakolat berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini qo‘shimcha qilgan.
Tramp AQSH va Eron o‘rtasidagi anglashuv memorandumi doirasida belgilangan 60 kunlik sulh va muzokaralar asosi shunchaki “bir imkoniyat” ekanligini, bu muddat tugagach, xohlagan ishini qilishga haqli bo‘lishini ham aytgan.
Eron va AQSH 18-iyunga o‘tar kechasi 28-fevralda boshlangan harbiy mojaroni yakunlashni ko‘zda tutuvchi memorandumni masofadan turib imzolagan. Shuningdek, memorandumda AQSH dengiz qamalini olib tashlashi va Eronning Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovini tiklashi muddatlari ham belgilangan.








