Janubiy Koreyada qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida O‘zbekiston tomoni bilan yangi kelishuv imzolandi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Koreya Respublikasining Jeollabuk-do viloyati, Buan okrugi hokimiyatida okrug hokimi Kweon Ig-hyeon, Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasi rahbariyati hamda Andijon viloyati vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Jeollabuk-do viloyatida (Buan) qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida Andijon viloyati bilan kelishuv imzolandi. Koreya Adliya vazirligi talabiga ko‘ra, bunday kelishuvlarda ishchi kuchini yuboruvchi va qabul qiluvchi hududlar aniq belgilanishi shart.
Kelishuvda quyidagi yo‘nalishlar qamrab olindi:
- mavsumiy ishchilarni jalb qilish va boshqarishda hamkorlik;
- noqonuniy qolib ketish holatlarining oldini olish;
- mehnat shartlari va migratsiya qoidalariga rioya etish.
2025-yilning oktyabrida o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga mavsumiy ishga yuborish dasturi qayta tiklangandi. O‘shanda Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasining Gyeongsangnam-do provinsiyasi gubernatori Pak Vansu bilan muzokaralar o‘tkazib, E-8 mavsumiy ishchi vizasi asosida Toshkent viloyati aholisidan ishchilarni tanlab olish va ularni provinsiyaning Hapchon, Chongnyang okruglari hamda Miryang shahrida 8 oy (5+3) muddatga qishloq xo‘jaligi sohasida ishga jalb etish bo‘yicha kelishib olgandi.
Agentlik 2026-yildan boshlab o‘zbekistonlik ishchilarning intizomi va samaradorligiga qarab, hamkorlikni boshqa hududlarga ham kengaytirish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.








