Andijon viloyati Baliqchi tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektori pora olayotganida qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Xodim xizmat mavqeidan foydalangan holda o‘zganing ishonchiga kirgan va mansabdor tanishlari orqali uning qarindoshini mazkur sohaga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1800 AQSH dollari talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda inspektor so‘ralgan pul mablag‘ini tumandagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik qilish BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” e’lon qilingan. Davlat xavfsizlik xizmati xabarida ta'kidlanishicha, buning ortidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan muntazam ravishda tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.








