Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida issiqxona tashkil etmoqchi bo‘lgan fuqarodan 300 ming dollar pora talab qilgan fermer xo‘jaligi rahbari ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, donli ekinlar yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaligi rahbari hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali xo‘jalikning 3 gektar yer maydonini issiqxona tashkil etmoqchi bo‘lgan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fermer xo‘jalik rahbari oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Qarshi tumanida yashovchi, 1992 va 1998-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, davlat zaxirasidagi 8 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali Ko‘kdala tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga yashash xonadoni qurishi uchun olib berish evaziga 180 million so‘m talab qilgan.
Lekin ular oldindan 10 ming dollar olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
24-oktyabrda DXX Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanida 1,5 mlrd so‘mga noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lgan shaxsni qo‘lga olinganini xabar qilgandi.








