AQSH prezidenti Donald Tramp “har ehtimolga qarshi” Eron tomon yirik flot harakatlanayotganini ma’lum qildi. Bu haqda uning bortdagi nutqiga tayanib Al Jazeera xabar berdi.
“Men hech narsa sodir bo‘lmasligini xohlardim. Ammo biz ularni diqqat bilan kuzatyapmiz. Bizda armada bor. Bu yo‘nalish (Eron nazarda tutilgan) tomon harakatlanayotgan ulkan flotimiz mavjud. Balki undan foydalanishga hojat ham qolmas. Ko‘ramiz”, dedi Tramp.
Isroilning Haaretz nashri amerikalik ikki rasmiyga tayanib, AQSH Yaqin Sharqqa esminetslar va qiruvchi samolyotlar hamrohligidagi USS Abraham Linkoln aviatashuvchisini yuborgani haqida xabar berdi. Ular o‘tgan hafta Osiyo–Tinch okeani mintaqasini tark etgan va “yaqin kunlarda” Yaqin Sharqqa yetib borishi kutilmoqda.
19-yanvar kuni The Jerusalem Post aviatashuvchi va zarba beruvchi guruhlar Malayziya va Indoneziya o‘rtasida joylashgan Malakka bo‘g‘oziga yetib borgani haqida yozgan edi.
Eron bilan keskinlikning kuchayishi fonida Isroil armiyasi bosh shtabi boshlig‘i general Eyal Zamir har qanday dushmanga qarshi harakat qilishga tayyor ekanliklarini aytdi. U Nevatim aviabazasiga tashrifi chog‘ida uchuvchilarga 2025-yil iyun oyida Eron bilan bo‘lgan 12 kunlik urush davomida qimmatli tajriba orttirganliklarini ta’kidladi.
“Biz bu tajribadan saboq chiqarishni va istalgan vaqtda Isroil xavfsizligini ta’minlash uchun undan foydalanishni bilamiz”, dedi Zamir.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general Muhammad Pakpur AQSH va Isroilni “yanada og‘ir va iztirobli oqibatlarga duchor bo‘lmaslik uchun har qanday xatoni tuzatishga” chaqirdi.
“Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va Eron oliy bosh qo‘mondonning buyruq va farmoyishlarini bajarishga har qachongidan ham tayyordir”, deya ogohlantirdi u.
Bundan tashqari, Eron rasmiy shaxslari harbiy harakatlar sodir bo‘lgan taqdirda Isroil hududi, shuningdek, Yaqin Sharqda joylashgan Amerika harbiy bazalari “qonuniy nishonlar”ga aylanishi haqida ogohlantirgan. Tramp avvalroq Eronda oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiyning hukmronligiga chek qo‘yishga chaqirgandi.
AQSH prezidenti agar hukumat namoyishlarni kuch bilan bostirsa va odamlar o‘limiga yo‘l qo‘ysa, Eron namoyishchilariga yordam berishini bir necha bor aytgan. Keyinroq u ritorikani yumshatgan va 16-yanvar kuni Tehron namoyishchilarni qatl qilishni bekor qilgani sababli Eronga zarba bermaslikka qaror qilganini aytgan. Erondagi norozilik namoyishlari oqibatida 3 117 kishi halok bo‘ldi, ularning 2 427 nafari tinch aholi vakillari va xavfsizlik kuchlari xodimlari hisoblanadi.
Eronda 28-dekabrdan buyon ommaviy namoyishlar davom etmoqda. Noroziliklar Tehronning asosiy bozorida boshlangan, dastlab do‘kondorlar giperinflyatsiya va narxlarning keskin o‘zgarishiga qarshi savdo nuqtalarini yopgan. Keyinchalik aksiyalar boshqa hududlarga ham tarqalib, siyosiy tus olgan. Eron iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar sabab jiddiy bosim ostida qolmoqda. Xususan, milliy valyuta — riyol 2025-yil davomida AQSH dollariga nisbatan qiymatining uchdan biridan ko‘prog‘ini yo‘qotgan.
Hukumat 4-yanvar kuni iqtisodiy bosimni yumshatish maqsadida har bir fuqaro uchun oylik nafaqa joriy etilishini e’lon qilgan. Ushbu to‘lov o‘rtacha oylik ish haqining taxminan 3,5 foiziga teng. Aholisi 90 milliondan ortiq bo‘lgan Eronda eng kam ish haqi taxminan 100 dollar, o‘rtacha oylik maosh esa 200 dollar atrofida.








