O‘zbekistonda 2026-yildan beg‘araz qon donorligi harakatini rivojlantirish maqsadida har oy “Birga hayotni saqlaymiz” milliy donorlik aksiyasi o‘tkaziladi. Bu haqda “2026–2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.
Mazkur aksiya doirasida har oyning 1 haftasi mobaynida – qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida, har oyning 3 haftasi mobaynida – ta’lim, davolash va boshqa tashkilotlarda qon donorligi tashkil etiladi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimiga kiruvchi vazirlik, idora hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida har yili 1 marotaba donorlik kunlari o‘tkaziladi. Mehnat jamoalarida donorlik kunlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasbiy hamda oliy ta’lim tashkilotlarida donorlik bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbir va uchrashuvlar tashkil etiladi.
Shuningdek, tug‘ruqda tibbiy yordam ko‘rsatuvchi har bir muassasada qon va uning tarkibiy qismlari shoshilinch zaxirasi tashkil etilishi hamda uni qon va uning tarkibiy qismlari, jumladan, plazma va eritrositar massa zaxirasi bilan ta’minlanishi belgilandi.
“Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabrdan qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlari xavfsizligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha barcha texnik va tibbiy jarayonlarni tartibga soluvchi standart operatsion jarayonlar hamda xavfsizlik bayonnomalari joriy qilinadi.
“Ehtiyoj – qayta ishlash – yetkazish” zanjiri doirasida biznes jarayonlarini boshqarish tizimi joriy etiladi. Qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlarini majburiy tartibda ikki bosqichli skrining tekshiruvidan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2027-yil 1-martdan “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi joriy etiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026—2030 yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar bilan tanishganida O‘zbekistonda qon bilan ishlash xizmatini moliyalashtirish uchun 2026-yilda 308 milliard soʻm, 2026—2030-yillarda esa sohani takomillashtirishga jami 1,75 trillion soʻm nazarda tutilgani ma’lum qilindi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida har ming nafar aholiga qon topshirishlarning (donatsiyalar) sonini 10 tadan 30 tagacha oshirish, jami donatsiyalarning sonini 1 milliontagacha koʻpaytirish orqali tayyorlanadigan qon zaxirasini 150 ming litrdan 450 ming litrga yetkazish, begʻaraz qon donorlarining sonini 300 ming nafardan 900 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 2023-yil 130,6 tonna, 2024-yil 148 tonna va oʻtgan 2025-yilda 153 tonna sifatli qon tayyorlangan. Oʻzbekistonda 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan, vazni 50 kilogrammdan yuqori, gemoglobin miqdori erkaklarda 128, ayollarda esa 120 boʻlgan har bir shaxs donor boʻlishi mumkin. Yiliga har bir shaxs 4-marta qon topshirish imkoniga ega. Har bir topshirilgan qonning maksimal miqdori 450 millilitrdan iborat boʻlishi kerak.
Mamlakatda “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni taʼsis etilgan boʻlib, pul mukofoti miqdori BHMning 15 baravari (6 mln 180 ming so‘m) etib belgilangan.








