Daryo

Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti bilan telefon orqali suhbatlashdi

Muloqotda Oʻzbekiston va Amerika oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

1 daqiqa o‘qish860 ko‘rishlar0 izoh4

Bugun, 5-sentyabr kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, suhbatda Oʻzbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilingan.

Oʻz navbatida ustuvor tarmoqlarda biznes kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va savdo bitimlari hajmini tubdan oshirish masalasida soʻz borgan.

“Soʻnggi yillarda oʻzaro savdo koʻrsatkichlarining barqaror oʻsishi kuzatilmoqda. 2024-yilda tovar ayirboshlash 15 foizga oshdi”, deyiladi manbada.
​

Istiqbolli kooperatsiya loyihalari portfeli fuqaro aviatsiyasi, muhim mineral resurslar, elektrotexnika sanoati, energetika, qishloq xoʻjaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, taʼlim va koʻplab boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgan.

Muloqotda shu oyda AQSHning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan uzoq muddatli va barqaror sheriklik aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilishi taʼkidlangan.

Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlik qilinayotgani tilga olingan.

“Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Toshkentda AQSHning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Kelgusi yili AQSHda boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha jahon chempionatida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ilk bor ishtirok etishi mamnuniyat bilan qayd etildi. AQSH yetakchisi futbol terma jamoamizga chin dildan omad tiladi”, deya qayd etgan manba.
​

Telefon muloqoti chogʻida prezidentlar Markaziy Osiyo davlatlari va AQSHning “C5+1” shaklidagi mintaqaviy hamkorligini chuqurlashtirish yuzasidan ham fikr almashgan.

Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni oʻzi uchun qulay muddatda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar