Farg‘onada tog‘ orasidagi darada avtohalokat sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 19-yanvar kuni soat 21:00 larda Farg‘ona tumani “Yordon” MFY hududidagi tog‘ orasidagi transport vositalari harakatlanishiga mo‘ljallanmagan kichik dara yo‘lda 1981-yilda tug‘ilgan haydovchi A.A. Captiva mashinasida YTH sodir etgan.
Haydovchi yo‘l qor va sirpanchiq bo‘lganligi sababli boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtomobil ag‘darilib ketgan.
Avtohalokatda A.A. bosh miya yopiq shikastlanishi, koma holati bilan shifoxonaga yuborilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan u hayotdan ko‘z yumgan.
Avvalroq Jizzaxda yo‘ldan o‘tayotgan qiz avtomobil urib yuborishidan vafot etgandi. Tarmoqlarda tarqalgan videoda yo‘lning piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan ikki qizdan birini katta tezlikda kelgan avtomobil urib, uchirib yuborgani aks etgan.
Gumon qilinuvchi qonunga muvofiq tartibda ushlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkentda esa 34 yoshli ayol Lacetti urib yuborishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. YTH 2025-yil 31-dekabr kuni soat 21:00 larda Maxtumquli ko‘chasida sodir bo‘lgan. 2005-yilda tug‘ilgan J.R. Lacetti avtomashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan.
Boshqa bir holatda Toshkentda bo‘lajak kelin-kuyovning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi 8 yilga qamalgandi.
Yangihayot tumanida haydovchi bir necha yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda yuqori tezlikda harakatlanib, temir ustunga urilgan. Oqibatda 24 yoshli yigit va 17 yoshli qiz halok bo‘lgan.








