Toshkentning Yashnobod tumanida 34 yoshli ayol Lacetti urib yuborishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda 3-yanvar kuni poytaxt YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, YTH 2025-yil 31-dekabr kuni soat 21:00 larda Maxtumquli ko‘chasida sodir bo‘lgan. 2005-yilda tug‘ilgan J.R. Lacetti avtomashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tayotgan piyoda — 1991-yilda tug‘ilgan Y.N.ni urib yuborgan. Oqibatda piyoda olgan tan jarohatlaridan voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Ushbu moddaga ko‘ra, bunday qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, aybdor shaxs muayyan huquqdan mahrum qilinib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
1-yanvar kuni Maxtumquli ko‘chasida ikki transport vositasi to‘qnashuvi oqibatida Cobalt avtomobili yonib ketgandi.








