Ishiga mas’uliyatsizligi sababli “Qarshi neft bazasi” rahbarini ishdan olish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu haqda 18-yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” matbuot kotibi Mo‘min Ibodov xabar qildi.
Uning bildirishicha, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatidagi o‘rganishlarning uchinchi kunini aynan hududdagi “Qarshi neft bazasi”ning faoliyatini o‘rganish bilan boshladi.
8-yanvar kuni “O‘zbekneftgaz”ning markaziy ofisida barcha neft bazalarining rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazilib, bo‘sh turgan hududlarni konservatsiya qilish orqali qo‘shimcha soliqlardan, shu paytgacha to‘lab kelinayotgan soliqlarni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi. Yig‘ilishda neft bazalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha “favqulodda holat” e’lon qilingandi.“Juda ham tanqidiy ruhda yo‘nalishlar, topshiriqlar berildi. Hududni, neft bazani raqamlashtirish orqali bu yerdagi turli talon-torojliklarning oldini olish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatma berildi”, dedi Mo‘min Ibodov.
“O‘zbekneftgaz” matbuot kotibining qayd etishicha, “Qarshi neft bazasi”da hech qanday ish qilinmagani ma’lum bo‘ldi va boshqaruv raisini sohada yo‘l qo‘ygan kamchiliklari, ishiga mas’uliyatsizligi sababli ishdan olish bo‘yicha tegishli topshiriq berildi.
“Qarshi neft bazasi”da aniqlangan kamchiliklar
O‘rganishlar davomida neft bazaning bugungi holati qoniqarsiz ekani qayd etildi. Xususan, neft mahsulotlarini realizatsiya qilishda samarali va shaffof tizim yo‘lga qo‘yilmagani, korxona rahbariyati tomonidan boshqaruv va ichki nazorat mexanizmlari yetarli darajada ta’minlanmagani sababli qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Aniqlangan kamchiliklar natijasida neft baza 2025-yilni moliyaviy zarar bilan yakunlagan. Tahlillarga ko‘ra, korxonada xo‘jalik faoliyati to‘g‘ri tashkil etilmagan, xarajatlar topilgan daromadlarga mutanosib ravishda optimallashtirilmagan. Bu esa, neft bazaning moliyaviy holati yil sayin og‘irlashib borishiga olib kelgan.
Shuningdek, “Qarshi neft bazasi”da neft mahsulotlari zichligini noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida iste’molchilar manfaatlariga zarar yetkazilgan.
Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Qarshi neft bazasi”da Bekzod Bobonazarov vaqtinchalik direktor vazifasini bajarib kelgan.
Bundan avval “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Termiz, Jizzax, Maroqand hamda Kuchlik neft bazalari rahbarlarini egallab turgan lavozimlaridan ozod etgandi.








