“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi etib tayinlangan Abdug‘ani Sanginov Termiz, Jizzax, Maroqand hamda Kuchlik neft bazalari rahbarlarini egallab turgan lavozimlaridan ozod etdi.
Kompaniya matbuot kotibi Mo‘min Ibodovning ma’lum qilishicha, 8-yanvar kuni Abdug‘ani Sanginov neft bazalar rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Unda neft bazalar faoliyatini sog‘lomlashtirish, moliyaviy-intizomiy holatni yaxshilash, soliq yukini optimallashtirish, ishchi-xizmatchilar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratish hamda o‘rtacha ish haqini oshirish masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda aholiga halollik, poklik va ochiqlik tamoyillari asosida xizmat ko‘rsatish orqali sifatli neft mahsulotlarini yetkazib berish ustuvor masalalar bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Yuqoridagi to‘rtta neft bazalari rahbarlari olib borilgan o‘rganish natijasiga ko‘ra yil davomida yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun lavozimlaridan olingani bildirildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur neft bazalarini quyidagilar boshqarib kelgan:
- Termiz neft bazasi — Gʻayrat Norqobilov;
- Jizzax neft bazasi — Muhammadali Umarov;
- Maroqand neft bazasi — Anvar Ikramov;
- Kuchlik neft bazasi — Elyor Xudayshukurov.
Yig‘ilishda neft bazalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha “favqulodda holat” e’lon qilindi. Ularni sog‘lomlashtirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Mazkur dasturda talon-torojlikka chek qo‘yish, soliq yukini kamaytirish, mahsulot realizatsiya hajmlarini oshirish, debitor qarzdorlikni so‘ndirish asosiy vazifalar etib belgilanadi.
Abdug‘ani Sanginov 2025-yilning dekabrida Bahodir Siddiqov o‘rniga “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi lavozimini egallagandi.








