Islom Abdurahmonov “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga tayinlandi. “Platina.uz”ning yozishicha, u 18-dekabrdan beri mazkur lavozimda faoliyat yuritmoqda.
Islom Abdurahmonov — mazkur tashkilotni avval boshqargan Abdugʻani Sanginovning oʻgʻli. 2017-yil maydan beri “Oʻzbekgidroenergo” AJga rahbarlik qilib kelgan Abdug‘ani Sanginov 2025-yil dekabr o‘rtalarida lavozimdan olinib, “O‘zbekneftgaz” raisligiga tayinlangan edi.
Islom Abdurahmonov 2020-yil may oyida o‘pirilgan Sardoba suv omborini qurishda qatnashgan kompaniyalardan birining asosiy ulushdori ekani bilan tanilgan. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, To‘palang HPD Holding’ning 61,7 foiz ulush Islom Abdurahmonovga tegishli.

To‘palang HPD Water Construction kompaniyasi Sardoba suv ombori qurilishida qatnashgan 10 dan ziyod subpudratchilardan biri bo‘lgan.
“Gazeta.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, To‘palang HPD Holding prezidentning 2003-yil 24-yanvardagi farmoni talablari asosida “To‘palang suv ombori va GES qurilish”ning “To‘palangsuvGESqurilish” MCHJ etib qayta tashkil etilishi natijasida vujudga kelgan, 2017-yil dekabrida yana qayta tashkil etilgan. Uning asosiy faoliyat turlari GES, suv xo‘jaligi inshootlari, gidrouzellar qurish, kanal hamda drenajlar qazish va boshqalarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishdan iborat.
“O‘zbekgidroenergo” matbuot xizmati 2020-yil aprelda Sardoba suv ombori qoshida To‘palang HPD irrigation systems ishtirokida kichik GES qurilishi boshlanganini ma’lum qilgan edi. Loyiha qiymati 21,3 mln yevroga teng bo‘lib, obyektni 2022-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgandi.
Kompaniya To‘palang HPD Holding tomonidan Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES (loyiha qiymati 180 mln dollar), shuningdek, Pskem daryosida Pskem GES (810 mln dollarga baholanmoqda) loyihalarida ham qurilish ishlarini olib borayotganini ma’lum qilgan.
To‘palang HPD Platinum Xorazm viloyati Toshsoqa magistral sug‘orish kanallari tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi (29,7 mln dollarga baholangan) ustida ham ish olib borgan. Bundan tashqari, To‘palang HPD Building 2019-yil iyunda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida Katta Farg‘ona kanalida Kichik gidroelektr stansiyalar kaskadini foydalanishga topshirgandi (31 mln dollarga baholangan).
2019-yil martida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida Tuyabo‘g‘iz suv omborida To‘palang HPD Irrigation tomonidan qurilgan kichik GES ochilgan (16,3 mln dollarga baholangan).
To‘palang HPD Building Surxondaryo viloyatida “Termiz marvaridi” sanatoriyasi qurilishida ham ishtirok etgan.
2020-yilda “O‘zsuvloyiha” loyiha instituti kuzatuv kengashining besh nafar a’zosidan ikki nafari — To‘palang HPD Holding vakili hisoblanishi haqida ham yozilgan edi. “O‘zsuvloyiha” kompaniyasi Andijon tumanida Kuyganyor gidrouzeli quyi qismini yuvilishdan saqlash uchun himoyalovchi inshootni qurish loyihasi, Navoiy viloyatida “Konimex-1” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish va boshqalarda bosh loyihalovchi hisoblanadi.
O‘sha vaqtda “O‘zbekgidroenergo” va To‘palang HPD Holding yuridik manzili ham bitta joyda ekani ma’lum bo‘lgandi: Toshkent, Navoiy ko‘chasi, 22.
“O‘zbekgidroenergo” matbuot kotibi Ravshan Boyqulov 2020-yilda To‘palang HPD Holding MCHJ Sardoba suv omborining avariya sodir bo‘lgan qismida qurilish ishlarini olib bormagani, Islom Abdurahmonov esa 2010−2017 yillarda To’palang HPD Holding MCHJ va uning filiallarida umuman ishlamaganini ma’lum qilgan edi. “O‘zbekgidroenergo“ AJ Sardoba suv ombori qurilishi uchun javobgar emas va unda ishtirok etmagan”, — degandi u.
To‘palang HPD Platinum 138 mln dollarlik loyihani tendersiz amalga oshirgan
2021-yilda To‘palang suv omboridan Surxondaryo viloyatigacha magistral suv quvurini yotqizish loyihasi amalga oshirilishi ma’lum bo‘lgandi. Loyihaning qiymati 138 million dollar deb baholangan.
To‘palang HPD Platinum Vazirlar Mahkamasining 18-avgustdagi (XDFU — xizmat davomida foydalanish uchun shaklidagi) qarori bilan loyihaning bosh pudratchisi etib tanlangan.
Kompaniya bilan shartnoma 20-avgust kuni imzolangan (davlat xaridlari portalida hujjatni topishning iloji bo‘lmadi). Shunga qaramasdan, 6-dekabr kuni imzolangan qo‘shimcha kelishuvga ko‘ra, 2021-yil doirasidagi shartnomaning umumiy ishlar qiymati 527,6 mlrd so‘mni, shu jumladan, Rossiyadan olib kelinadigan po‘lat quvurlarning qiymati 317,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Bosh pudratchi umumiy qilinadigan ishlarning 30 foizi — 175,8 mlrd so‘m miqdorida avans olgan, qolaversa, quvurlarni xarid qilish uchun 317,6 mlrd so‘m avansni qo‘lga kiritgan.
Quvurlar qurilishini moliyalashtirish manbai sifatida davlat byudjeti ko‘rsatilgan.
Hukumatning yopiq qarori bilan bosh pudratchi sifatida To‘palang HPD Platinum kompaniyasi tanlangan. Kompaniya “O‘zbekgidroenergo” rahbarining (o‘sha vaqtda Abdug‘ani Sanginov — tahr.) o‘g‘li direktori va ta’sischisi (Islom Abdurahmonov) bo‘lgan To‘palang HPD Holding tarkibiga kirgan.
Islom Abdurahmanov taqsimlash muhandislik inshootlari qurilishi bilan shug‘ullanuvchi Zafis-Avto Plus (100 foiz) va Varis Business Complex (70 foiz, ovqatlanish tashkilotlarining boshqa turlari) kompaniyalarida ulushlarga egalik qiladi.
Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunning 64-moddasiga muvofiq, tender quyidagi shartlar bir vaqtning o‘zida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi:
- g‘olibni aniqlash mezonlari tovarning (ishning, xizmatning) nafaqat pul bilan baholanishini, balki miqdoriy va sifat jihatidan baholanishini ham o‘z ichiga oladi;
- tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha BHMning 25 ming baravari yoki 6,75 mlrd so‘mdan ortiq (budjet buyurtmachilari uchun BHMning 6 ming baravari yoki 1,62 mlrd so‘mdan ortiq) miqdorni tashkil etadi.
Shunga qaramasdan, O‘zbekiston prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining qaror va farmonlari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirishga ruxsat etilgan (71 modda).








