Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadigan EXPO-2030 koʻrgazmasida O‘zbekiston tomonidan maydoni 3,6 ming kvadrat metr boʻlgan pavilyon qurilishi rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni xalqaro madaniy tadbirlarning natijalari, turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishganida Saudiyadagi ushbu tadbirda ishtirok etishga tayyorgarlik ishlari boshlangani ma’lum qilindi.
Mamlakatning Yaponiyada boʻlib oʻtgan EXPO-2025 butunjahon koʻrgazmasidagi ishtiroki yakunlari ham sarhisob qilindi. Qayd etilishicha, Oʻzbekistonning 1,2 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan “Bilimlar bogʻi” pavilyoniga 1 million nafarga yaqin odam tashrif buyurdi. Taqdim etilgan ekspozitsiyalar xalqaro miqyosda keng yoritildi hamda eng koʻp tashrif buyurilgan pavilyonlar qatoridan joy oldi. Osaka shahrida tashkil etilgan EXPO butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston pavilyoni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliy mukofotga — “Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi” nominatsiyasida oltin medalga sazovor bo‘lgandi.
2025-yilning iyunida Yaponiyada suratga olingan “Lolazor” podkastida oʻsha paytda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisining birinchi o‘rinbosari boʻlgan Elmurod Najimov (hozir u Prezident apparati Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘i o‘rinbosari) ushbu pavilyondagi barcha materiallar Oʻzbekistonga olib ketilishini aytgandi. Oktyabr oyida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu pavilyon Osakadan Nukusga olib kelinishini, “kreativ park” qurilib, pavilyon oʻsha yerga joylashtirilishini bildirdi.
Saudiya Arabistoni 2030-yilgi Jahon EXPO’sini poytaxt Ar-Riyodda o‘tkazadi. U 2030-yil 1-oktyabrdan 2031-yil 31-martgacha davom etishi rejalashtirilgan.
2025-yilning avgustida O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligi pavilyoniga tashrif buyurganida navbatdagi butunjahon ko‘rgazmasiga podshohlik mezbonlik qiladigan EXPO 2030 Ar-Riyod konsepsiyasi taqdim etildi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga ko‘ra, ushbu taqdimot O‘zbekiston delegatsiyasi uchun bo‘lajak ko‘rgazma rejalari bilan tanishish va EXPO 2030 oldidan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.








