Daryo

O‘zbekistonda sil va o‘pka kasalliklariga sunʼiy intellekt yordamida tashxis qo‘yiladi

O‘tgan yilda dunyoda 8,3 million kishiga tuberkulyoz tashxisi qo‘yilgan, ulardan 1,2 million nafari hayotdan ko‘z yumgan. Ekspertlar COVID-19 pandemiyasidan keyin silning dorilarga chidamli turlari keng tarqalayotganidan xavotir bildirgan.

2 daqiqa o‘qish12 779 ko‘rishlar1 izoh5

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda aholining sil bilan kasallanish ko‘rsatkichlari, 2026-yil uchun rejalar hamda tashxis qo‘yishda sunʼiy intellektdan foydalanilishi haqida maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, 2025-yilda dunyoda 8,3 million kishiga tuberkulyoz tashxisi qo‘yilgan, ulardan 1,2 million nafari hayotdan ko‘z yumgan. Ekspertlar COVID-19 pandemiyasidan keyin silning dorilarga chidamli turlari keng tarqalayotganidan xavotir bildirgan.

O‘zbekistonda o‘tgan yili aholining sil bilan kasallanish ko‘rsatkichi 3,7 foizga kamaydi. Bunda Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyati filialida BD MAX deb nomlanuvchi tashxis usuli joriy qilingani muhim ahamiyat kasb etishi bildirildi.

BD MAX – to‘liq avtomatlashtirilgan molekulyar-diagnostika qurilmasi. U biologik tahlil namunasidan sil mikobakteriyasini PZR usulida tezkor aniqlash imkonini beradi. U inson omilini kamaytirib, bioxavfsizlikni oshiradi va 2–3 soat ichida tashxis natijalarini taqdim qiladi.

Shu bilan birga, tuberkulyozning ko‘p dorilarga chidamli shakllarida, 6 oylik qisqa davolash kurslari joriy etilishi bemorlarni tezroq sog‘aytirish imkonini bermoqda.

2025-yilda barcha viloyatlar hamda chekka hududlardagi “O‘pka salomatligi” mobil brigadalari ultraportativ rentgen, sunʼiy intellekt yordamida tashxislash komplekslari va ikki modullik GeneXpert uskunalari bilan jihozlangan.

Ftiziatriya va pulmonologiya markazida 12 turdagi yangi diagnostika va davolash usuli amaliyotga joriy etildi. Jumladan, kaminvaziv artrotomiya usulida chanoq-son va tizza bo‘g‘imlarida tuberkulyozdan keyingi asoratlarni bartaraf etish, ftiziourologiyada uretra transpozitsiyasi hamda sigmotsistoplastika kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarildi.

O‘tgan yili markazning 35 nafar mutaxassisi Daniya, Xitoy, Rossiya, Belarus kabi xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytgan. Unda 125 nafar xorijiy fuqaro davolanib, 78 nafarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.

2026-yilda esa respirator kasalliklar ko‘p uchraydigan tumanlar yana 40 ta sunʼiy idrokka asoslangan mobil rentgen uskunasi bilan taʼminlanadi. Bu texnologiya yordamida barcha maʼlumotlar “DHIS-2” yagona elektron reyestriga jamlanib, kasalliklarni tahlil qilish va prognozlash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, 1 million nafar aholini latent sil infeksiyasiga tekshirish, olis va chekka hududlarda yashovchi 200 ming kishini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Avvalroq JSST 2025-yilda jahon tibbiyotidagi eng muhim 5 yutuqni eʼlon qilgandi. Hisobotda yuqumli kasalliklarga qarshi kurash, emlash dasturlari va o‘lim ko‘rsatkichlarining qisqarishi asosiy natijalar sifatida qayd etilgan.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Xalqaro jurnalistika yo‘nalishi talabasiman. “Daryo”da 2025-yilning avgust oyidan buyon ishlayman. Xabarlar yozaman. Sevimli kitobim Jek Londonning “Martin Iden” asari. Har yili Andrey Tarkovskiyning “Nostalghia” filmini kamida bir marta qayta ko‘raman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar