Daryo

Xitoyda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ilk dorini ishlab chiqarishga ruxsat etildi

U kattalardagi yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi COVID-19 infeksiyasini davolash uchun mo‘ljallangan. Dorini ishlab chiqarib, sinovlar yakunlangunga qadar atigi uch yarim yil vaqt ketdi.

2 daqiqa o‘qish4 678 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoyda sun’iy intellekt ko‘magida yaratilgan birinchi innovatsion dori Tibbiy buyumlar milliy boshqarmasi (NMPA) tomonidan tasdiqlandi. Yangi dori moddasi topilganidan tortib, odamlarda sinab ko‘rilgunicha bor-yo‘g‘i uch yarim yil vaqt ketdi. Bu haqda Vestleyk universitetiga tayanib Global Times xabar berdi.

Mprosevir deb nomlangan bu preparat Vestleyk universiteti, Vestleyk laboratoriyasi va Westlake Pharmaceuticals kompaniyasi tomonidan birgalikda ishlab chiqildi. Boshqarma uni kattalardagi yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi COVID-19 infeksiyasini davolash uchun sotishga shartli ruxsat berdi.

Sinxua axborot agentligi xabariga ko‘ra, dori vositasi ilgari Xitoyda yoki xorijda sotuvga chiqmagan yangi preparatdir. U butunlay yangi kimyoviy tuzilish, yangicha ta’sir mexanizmi va aniq klinik qiymatga ega bo‘lgan mutlaqo yangi ishlanmadir.

Dori “DNK bilan kodlangan kutubxona texnologiyasi” (DEL) asosida muvaffaqiyatli tasdiqlangan dunyodagi birinchi kichik molekulali innovatsion preparat bo‘ldi. Tide News’ga ko‘ra, bu DEL texnologiyasi kontsepsiyasi taklif qilinganidan 34 yil o‘tib erishilgan tarixiy yutuqdir.

Olimlar boshidanoq sun’iy intellekt va DEL texnologiyasini birga qo‘lladi. Sun’iy intellekt xato birikmalarni chiqarib tashlab, dori bo‘lish ehtimoli yuqori moddalarni saralab berdi. Mprosevir’ni topish uchun 49 milliardta birikmali ulkan bazadan foydalanildi. Dastlab shular orasidan 100 dan ortiq mos keladigan modda ajratib olindi.

Odatda 100 dan ortiq moddani alohida sinab ko‘rish uchun juda ko‘p vaqt va resurs ketardi. Lekin sun’iy intellekt bu ro‘yxatni atigi bir necha kunda 9 tagacha qisqartirdi. Ushbu to‘qqizta molekulaning faollik testi shuni ko‘rsatdiki, ulardan oltitasi yuqori faollik namoyon etgan. Bu esa taxmin qilingan aniqlik darajasi juda yuqoriligini ko‘rsatdi.

Zaharlilik, moddalar almashinuvi va boshqa sinovlardan so‘ng olimlar oxir-oqibat WLU6937 molekulasini eng maqbul modda sifatida tanladi. Tadqiqotchilar guruhining ta’kidlashicha, Mprosevir dori vositalarini sun’iy intellekt yordamida yaratish hozirgi kunda juda samarali va amalga oshirib bo‘ladigan jarayon ekanini isbotladi.

Keyingi ikki yil davomida jamoa ushbu molekula ustida to‘liq takomillashtirish ishlarini olib bordi. Uning faolligi oshirildi, dori sifatlari yaxshilandi, toksikligi kamaytirildi. Shuningdek, trubkadagi va sichqonlardagi tajribalardan tortib klinik sinovlargacha bo‘lgan bosqichlar bosib o‘tildi. Sun’iy intellekt bu bosqichda ham muhim rol o‘ynadi.

Kuni kecha Buyuk Britaniyada 7 yoshli bolada insult yuz berganini ChatGPT aniqlay olgani haqida xabar berilgandi. Sun’iy intellekt insult ehtimolini ko‘rsatib, bolani shifokorga olib borishni tavsiya qilgan. Ona bolani shifoxonaga olib borgan. Biroq ko‘rikdan so‘ng shifokorlar uni uyiga jo‘natgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar