Daryo

Bir falokat tarixi: Kobe shahrini vayron qilgan “Buyuk Xansin Avazi zilzilasi”

Zilzila umumiy hisobda 6 400 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi va 40 000 dan ortiq kishi turli darajada jarohat oldi. Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, Kobeda halok bo‘lganlarning 60 foizi 60 va undan katta yoshdagilar edi.

3 daqiqa o‘qish3 504 ko‘rishlar0 izoh3

1995-yil 17-yanvarda Yaponiyaning eng katta oroli bo‘lgan Xonsyuning g‘arbiy qismida, Kobe port shahri yaqinida, Rixter shkalasi bo‘yicha 7,3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi.

Epitsentr Avazi orolining shimoliy qismida, taxminan 16 kilometr chuqurlikda bo‘lgan. Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 5:46 da boshlandi va 20 soniya davom etdi. Ammo shuning o‘zi gullab-yashnayotgan shaharni vayron qilishga yetarli bo‘ldi: shahar tosh, metall va plastmassa qoldiqlaridan iborat uyumlar bilan to‘ldi. Kobening turli qismlarida deyarli darhol yong‘inlar boshlandi, ammo binolar bo‘laklari bilan to‘silib qolgan ko‘chalar bo‘ylab harakatlanish qiyinligi sababli yong‘inlarni o‘chirish ishlari ancha uzoq davom etdi.

Foto: Google Images

Zilzila mamlakat tarixidagi eng halokatli tabiiy ofatlardan biri bo‘ldi va Yaponiya hukumati uni “Buyuk Xansin Avazi zilzilasi” deb atadi.

Zilzila qurbonlari va vayronagarchiliklar

Zilzila Kobe shahri joylashgan Xyogo prefekturasida umumiy hisobda 6 400 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi va 40 000 dan ortiq kishi turli darajada jarohat oldi. Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, Kobeda halok bo‘lganlarning 60 foizi 60 va undan katta yoshdagilar edi.

Taxminan 105 000 ta bino butunlay yo‘q bo‘lib ketgan va 144 000 dan ortiq uy-joylar shikastlangan. 1 900 ta ta’lim muassasasi, 7 200 ta yo‘l, 330 ta ko‘prik va boshqa infratuzilma vayron bo‘lgan.

Zilzilada eng katta talafot Kobe shahrida kuzatildi: bu yerda 4 500 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 14 000 dan ortiq odam jarohatlangan va 120 000 dan ortiq inshootlar xarobaga aylangan.

Foto: Google Images

Iqtisodiy zarar

Zilzila 9,9 milliard iyena zarar keltirdi, bu mahalliy byudjetning deyarli 10 foizini tashkil etdi.

Kobe shahrini qayta tiklash uchun uch oy vaqt zarur bo‘ldi. Shaharni mamlakatning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan temiryo‘l falokatdan yetti oy o‘tgach, qayta tiklandi.

Falokat oqibatida hosil bo‘lgan 19,8 million tonna chiqindi yo‘q qilindi.

Yaponiya xalqi bu tabiiy ofatda birlashib, zarar ko‘rgan insonlarga yordam qo‘lini cho‘zdi. Mamlakat bo‘ylab yig‘ilgan xayriyalar taxminan 179,3 milliard iyenani tashkil etdi.

Zilziladan keyingi choralar

Kobe zilzilasi mamlakatning shunga o‘xshash ofatlarga nisbatan zaifligini ko‘rsatdi. Yangi qurilish qoidalariga muvofiq qurilgan binolarning aksariyati zilzilaga bardosh bergan bo‘lsa-da, boshqa ko‘plab binolar, ayniqsa eski yog‘och karkasli uylar vayron bo‘ldi.

Transport tarmog‘i butunlay falaj bo‘lib qoldi, hukumatning tabiiy ofatlar paytidagi harakatlari aholi tomonidan nisbatan sekin va samarasiz deya baholandi. 

Tabiiy ofat bunday paytda tezkor choralar ko‘rishi kerak bo‘lgan hukumat ishida bir qator kamchiliklarni aniqladi. Aholining noroziligi shunchalik kuchli ediki, hatto mafiya (yakuza) ham jabrlanganlarga yordam berish uchun suv va oziq-ovqat yetkazib berishga kirishdi. Eng asosiysi zilzila ro‘y bergan hududlarda hech qanday talonchiliklar bo‘lmadi: boshpanasiz va och qolgan odamlar do‘konlarni talon-toroj qilmadi, balki oziq-ovqat tarqatish punktlarida o‘zaro hurmat bilan navbatda turishdi.

1923-yil Tokio Ikogamada ro‘y bergan zilziladan keyin yapon yozuvchisi Akutagava Ryunoske yozgan quyidagi so‘zlar Kobedagi fojiaga ham mos kelardi:

“Zilzila nihoyat tinchlangandan so‘ng tabiiy ofatdan qochish uchun uylarini tashlab ketgan odamlar o‘zaro do‘stona va mehribon bo‘lib qoldi. Hamma joyda odamlarning bir-biri bilan do‘stona suhbatlashayotganini, bir-biriga taom va shirinliklar taklif qilayotganini, bolalarni himoya qilayotganini ko‘rish mumkin edi... Ko‘plab kishilar orasida hukmronlik qilgan misli ko‘rilmagan mehr-oqibat manzarasi chindan ham go‘zal edi...”

1995-yilgi ofatdan ko‘plab muhim saboqlar olindi; seysmik qarshilik va qurilish sifatiga qo‘yiladigan talablar yanada qattiqlashdi. Butun aholini ekstremal vaziyatlarda o‘zini qanday tutish bo‘yicha o‘qitish yanada izchil amalga oshirildi. 

Zilziladan 10 yil o‘tib, 2005-yil 18-yanvarda Yaponiyaning Kobe shahrida xotira marosimi bo‘lib o‘tdi. BMT homiyligidagi Tabiiy ofatlar xavflarini kamaytirish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi ochildi. Konferensiyada Xiyogo deklaratsiyasi qabul qilindi.

Foto: Google Images

Mazkur deklaratsiya tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan bo‘lib, unda asosiy ustuvorliklar (milliy ustuvorlik, xavf ko‘lamini baholash, xavfni kamaytirish va oldindan tayyorgarlik ko‘rish) belgilab berilgan. U global miqyosda tabiiy ofatlarga chidamlilikni oshirish bo‘yicha harakatlar uchun asos yaratdi.

Kobe shahrida har yili 1995-yilgi zilzila qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan Kobe yorug‘lik festivali (Kobe Luminarie) o‘tkaziladi. U birinchi marta fojiadan 11 oy o‘tgach, o‘tkazilgan.

2025-yilda ushbu festival “30 yillik yorug‘lik, doim porlab turgan umid” shiori ostida o‘tkazilib, unda jami 4 millionga yaqin inson qatnashdi.

Foto: Google Images

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar