Daryo

Yaponiya aholini megazilzila kuzatilishidan ogohlantirdi

Mamlakatda 8-dekabr kuni 7,5 magnitudali kuchli zilzila yuz bergandi. Soʻnggi yer silkinishlarida 34 kishi jarohat olgan.

1 daqiqa o‘qish8 584 ko‘rishlar0 izoh2

Yaponiyaning shimolida 8-dekabr kuni 7,5 magnitudali kuchli zilzila yuz bergan edi. Endilikda rasmiylar megazilzila kuzatilishi ehtimolidan ogohlantirmoqda. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi zilzila oqibatida 34 kishi yengil tan jarohati olgan. Ayrim yo‘llar va binolarga zarar yetgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, yangi ogohlantirish aniq prognoz emas, chunki 8 ball yoki undan kuchli zilzila ehtimoli atigi 1 foizni tashkil etadi.

Shunga qaramay, hukumat aholini kuchli zilzila yuz bersa, 2011-yildagi falokatga o‘xshash oqibatlarga tayyor bo‘lishga chaqirmoqda. O‘sha fojiada qariyb 20 ming kishi halok bo‘lgan edi. Rasmiylar bir hafta ichida 8 magnitudali yoki undan kuchli zilzila xavfi oshganini taʻkidladi. Ayniqsa qirg‘oqbo‘yi hududlarida yashovchilar tayyor turishga chaqirilgan.

2024-yil yozida Yaponiyaning Tinch okeani bo‘ylab janubiy qirg‘oqlarida joylashgan Nankai jarligi (okean tubidagi chuqur seysmik hudud)uchun ham shunday megazilzila ogohlantirishi berilgandi. Biroq ogohlantirishning aniq tushuntirilmagani oziq-ovqatni vahimada xarid qilish, tadbirlarning bekor qilinishi va ayrim bizneslarning yopilishiga olib kelgan.

Yaponiya meteorologiya agentligi 8-dekabrdagi kuchli zilzila Xokkaydo va Sanriku qirg‘oqlarida xavfni kuchaytirganini ma’lum qildi. Bu hududlardagi Tinch okeani plitasi ostida Yaponiya va Chishima (Kuril) jarliklari joylashgan bo‘lib, tarixda ko‘plab kuchli zilzilalar aynan shu yerlarda sodir bo‘lgan. Mutaxassislarning aytishicha, 2011-yildagi halokatli zilzila va sunami aynan Yaponiya yoriqlarida yuz bergan tektonik harakatlar bilan bog‘liq edi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar