Samarqand shahridagi Registon ansambli, Bibixonim va Shohi Zinda majmualari hamda Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi 6,6 kilometrli yagona sayyohlik yo‘nalishi bilan o‘zaro bog‘lanadi.
Prezidentga 15-yanvar kuni taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, shaharda “Samarqand merosi yo‘lagi” loyihasi ish boshlamoqda. U bir nechta tarixiy obidalarni birlashtirib turuvchi yo‘lak vazifasini o‘taydi.
Samarqandda yangi “Ipak yo‘li” muzeyini qurish loyihasi taqdim etildi. Umumiy maydoni 19,5 ming kvadrat metrni tashkil etadigan uch qavatli zamonaviy bino qurilib, unda inklyuziv muhit, ko‘rgazma zallari, eksponatlarni saqlash fondlari, shuningdek, ta’lim olishga mo‘ljallangan hududlarni yaratish ko‘zda tutilgan.
Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hududida landshaft dizaynini yangilash rejalashtirmoqda. Yangi muzey binosi, immersiv ko‘rgazma zallari, tashrif buyuruvchilar uchun markaz barpo etiladi. Piyoda yo‘laklari obodonlashtirilib, arxeologik obyektlar yagona muzey muhitiga uyg‘unlashtiriladi.
Ushbu taqdimotda prezident Buxoro shahrining bosh rejasi bilan ham tanishdi. Unda qulay shahar muhitini shakllantirish, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, kongress-xoll, amfiteatr, kutubxona kabilarni o‘z ichiga oladigan ko‘p funksiyali majmua sifatida tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda 2025-yilda sayyohlar soni 11 milliondan oshib, turistik xizmatlar eksporti 4,8 milliard dollarga yetgani, shuningdek, vizasiz tartib joriy etilgan davlatlarning soni 94 taga ko‘paygani qayd etildi.








