Daryo

“Mubashshir Ahmadning salomatligi og‘ir. U jazoni o‘tay olmaydi” – advokat

Advokat Abdulloh Sodiq Mubashshir Ahmad qandli diabet kasalligi bilan og‘rib kelayotganini, uning oyoqlari shishib, tanasida har xil yaralar paydo bo‘layotganiga qaramay davolanishiga ruxsat berilmayotganini aytdi.

4 daqiqa o‘qish84 306 ko‘rishlar1 izoh207

Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov qandli diabet kasalligi bilan og‘rib kelayotgani sababli uning salomatligi bilan bog‘liq muammolar turmada ham davom etmoqda. Bu haqda “Kun.uz”ga uning advokati Abdulloh Sodiq ma’lum qildi.

Mubashshir Ahmad 2025-yil 8-oktyabr kuni 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. U sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslikka qaror qilgan. Ayni vaqtda jazoni Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida joylashgan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 5-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida o‘tamoqda.

Mubashshir Ahmadning salomatligi yaxshi emas

Advokatning bildirishicha, Alisher Tursunovning salomatligi yaxshi emas. Xususan, u tergov va sud jarayonlarida ham “bir necha marotaba himoya ostidagi shaxsning qandli diabet kasalligining II turi bilan ancha yillardan buyon og‘rib kelishi”ni aytib, iltimosnomalar kiritgan. Biroq ehtiyot chorasi va jazo tayinlash masalasida ushbu holatlar inobatga olinmagan. Alisher Tursunovda salomatlik bilan bog‘liq muammolar turmada ham davom etmoqda.

“2025-yil 26 noyabr kuni Alisher Tursunov bilan advokatlar bevosita 5-sonli JIEKda uchrashgan vaqtida, uning qon bosimi bir necha marotaba 180 mm dan oshgani, qandli diabet kasalligi natijasida buyraklari yaxshi ishlamayotgani, oyoqlari shishib ketgani va boshqa shu kabi hamroh kasalliklari sog‘ligi va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani ma’lum bo‘ldi”, deydi advokat.​

Shuningdek, ushbu fakt advokatlik so‘roviga IIV JIED tomonidan taqdim etilgan xatda ham o‘z tasdig‘ini topgan. 

Ushbu xatda Alisher Tursunov qandli diabet II tipi va unga yo‘ldosh kasalliklar tashxisi bilan noyabr oyining o‘zida 3 marotaba ambulator tartibda davo muolajalarini olib kelgani yozilgan.

Xususan:
  • 5—6-noyabr kunlari – “Qandli diabet II tip. Chap oyoq artrozi” tashxisi bilan;
  • 10—14-noyabr kunlari – “Yuqori nafas yo‘llari katari. O‘ng oyoq I barmoq panarisiyasi” tashxisi bilan;
  • 24—30-noyabr kunlari – “Qandli diabet II tip, insulinga muhtoj turi, YIK stabil stenokardiya FS II. GK II. AG II. Xavf IV.” tashxisi bilan ambulator tartibda davo muolajalarini olib kelgan, deb ko‘rsatilgan.
Foto: “Kun.uz”
Advokatga Mubashshir Ahmad sog‘ligi borasida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilgan

Abdulloh Sodiqning ma’lum qilishicha, Departament boshlig‘i o‘rinbosari va tibbiy xizmat boshlig‘i advokatlarga Alisher Tursunov sog‘ligi borasida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan. Xususan, 2025-yil 26-dekabr kuni advokatlar Alisher Tursunov bilan takroran uchrashganida, u xatda ko‘rsatilgan muolajalarning birortasini olmagani, uni faqat tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgani, lekin yotib davolanmagani, dori vositalari bilan ta’minlanmagani, shuningdek, oddiy dam olishga ham ruxsat yo‘qligini ma’lum qilgan.

“Qolaversa, jazoni o‘tash davomida A.Tursunov Qiziltepa tumanida joylashgan g‘isht zavodlarining birida majburiy tarzda ishlashga chiqarilmoqda. Alisher Tursunov sog‘ligining shunday bir yomon holatida 16 soatlab tik oyoqda ishlashga va yurishga majburlanmoqda. Alisher Tursunovning sog‘ligi yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligi qiynayotgani, oyoqlari shishib ketib, buyragi yaxshi holatda emasligi, tanasida har xil yaralar paydo bo‘layotganini ko‘ra-bila turib, uni og‘ir va sovuq ob-havoda mehnat qilishga jalb etishdan maqsad nima?”, deydi advokat.

Shu bilan birga Alisher Tursunov oyoqlari va undagi yaralar og‘riyotgani haqidagi shikoyatlari e’tiborsiz qolayotganini, advokatlari bilan kamroq uchrashish uchun bosimlar bo‘layotganini aytgan.

“Alisher Tursunov oyoqlari va undagi yaralar og‘riyotgani haqidagi shikoyatlari e’tiborsiz qoldirilmoqda. Unga faqat og‘riq qoldiruvchi ukol qilishlari va bu vaqtinchalik choradan keyin baribir yurishga qiynalayotgani aytdi. Shu holida, Alisher Tursunov ikkinchi qavatdagi karavotda uxlashga majbur. Oyog‘idagi yara har bir chiqish va tushishda unga azob bermoqda. Bir necha marotaba yiqilib tushishiga ham sabab bo‘lgan. Achinarlisi, Alisher Tursunovga advokatlarining kamroq uchrashuvga kelishi, iloji bo‘lsa umuman kelmasligi uqtirilib, bosimlar bo‘lmoqda”, deydi advokat Abdulloh Sodiq.

Alisher Tursunov muassasa xodimlari tomonidan unga nisbatan boshqa mahbuslar qatori bir xil munosabat bo‘lmayotganini aytgan. “Bir misol: kimdir oddiy shamollash bilan og‘risa, 5-6 kunlab tibbiy punktda davolanib chiqadi. Biroq uning shuncha kasalligi bo‘lsa-da, oyoqlari shishib ketgan hamda oyog‘idagi yaralar qorayib, gangrena kasalligiga qarab ketayotgan, bir so‘z bilan aytganda ahvoli kritik darajada bo‘lsa-da, davolanishga ruxsat yo‘q. Faqat ishga chiq deb majburlashadi”, degan uning himoyachisi.

Qonunchilikda nima deyilgan?

Jinoyat kodeksining 75-moddasi birinchi qismida “hukm chiqarilganidan keyin …jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqa og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim”ligi belgilangan. Ushbu moddaga muvofiq tushadigan kasalliklar “Og‘ir kasallikka chalingan mahkumlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ularni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi IIV va SSVning qo‘shma qarorida keltirilgan.

IIV, Bosh prokuratura va boshqa tashkilotlarga ariza kiritilgan

Advokatning ma’lum qilishicha, 2025-yil 28-oktyabr kuni joylashtirilgan (etap qilingan) mahbusning 1 oy ichida 3 marotaba davolangani, qandli diabet, artroz, stenokardiya va boshqa shu kabi hamroh kasalliklar bilan og‘rishi ushbu shaxsni ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tay olmasligini anglatadi.

Uning himoyasi ostidagi shaxsning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli idoralar IIV, Bosh prokuratura va boshqa tashkilotlarga ariza kiritilgan.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar