Daryo

O‘zbekistondan Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yetkazildi

20 dona yuk avtomashinasida jo‘natilgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlardan iborat beg‘araz ko‘mak Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev hamda tegishli idoralar vakillari ishtirokida Balx viloyatining Hayraton shahriga yetkazildi.

1 daqiqa o‘qish22 684 ko‘rishlar1 izoh8

O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonga navbatdagi insonparvarlik yordami yetkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq Afg‘onistonga navbatdagi insonparvarlik yordami yuborildi. Yigirma dona yuk avtomashinasida jo‘natilgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlardan iborat beg‘araz ko‘mak Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev hamda tegishli idoralar vakillari ishtirokida Balx viloyatining Hayraton shahriga yetkazildi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Afg‘onistonda sovuq qish mavsumi sharoitida 17 milliondan ortiq aholi oziq-ovqat tanqisligiga duch kelgan bo‘lib, ularning 4 milliondan ziyodini bolalar tashkil etadi. BMT Jahon oziq-ovqat dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatdagi gumanitar inqirozni yumshatish uchun taxminan 500 million AQSh dollari zarur, biroq ushbu mablag‘lar hozircha to‘liq ta’minlanmagan.

Xalqaro vaziyat murakkablashgan bir paytda Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan gumanitar yordam hajmining qisqarishiga qaramay, O‘zbekiston tomonidan qo‘shni mamlakatga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur insonparvarlik yordami ham o‘zbek xalqining afg‘on birodarlarga bo‘lgan do‘stlik va hamjihatlik munosabatining ifodasi bo‘ldi.

Hayraton shahridagi “Astrans” kompaniyasi hududida o‘tkazilgan rasmiy topshirish marosimida Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Hoji Vafo qishning og‘ir pallalarida ko‘rsatilgan ushbu beg‘araz yordam afg‘onistonliklar duch kelayotgan mavsumiy qiyinchiliklarni yumshatishga xizmat qilishini ta’kidladi. U O‘zbekiston rahbariyatiga va xalqiga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlari do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va birodarlik tamoyillariga asoslanganini qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil davomida O‘zbekiston tomonidan afg‘on xalqiga to‘rt marotaba insonparvarlik yordami yetkazib berilgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar