Daryo

Afg‘onistonliklarni vataniga qaytarish uchun 529 mln dollar mablag‘ ajratildi

Yordam rejasi BMT tomonidan ilgari surildi, unda Eron va Pokistondan qaytayotgan afg‘onlarga ko‘mak berish ko‘zda tutiladi.

2 daqiqa o‘qish7 310 ko‘rishlar0 izoh7

BMT va uning hamkorlari Afg‘onistonga qaytayotgan migrantlar uchun yordam rejasini ilgari surdi. Eron va Pokistondan qaytayotgan afg‘onlarga ko‘mak berish uchun 529 million dollar mablag‘ ajratiladi. Tashkilot migrantlar oqimi mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasiga og‘ir yuk bo‘layotganidan ogohlantirdi. Bu haqda Amu Tv xabar berdi.

“Afg‘onistonga qaytayotganlarni qo‘llab-quvvatlash — 2026” deb nomlangan reja BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi (UNAMA) tomonidan eʼlon qilindi. Dastur 2026-yilning aprel oyidan dekabr oyiigacha qaytishi kutilayotgan 2,7 million afg‘onistonlikka yordam berishni ko‘zda tutadi.

Dastur migrantlarga ular chegarani kesib o‘tgan daqiqadan boshlab yordam beradi. Keyinchalik ularning afg‘on jamiyatiga moslashishiga ham ko‘maklashadi. BMT maʼlumotlariga ko‘ra, 2023-yil sentyabr oyidan buyon mamlakatga qariyb 5,9 million afg‘on qaytib kelgan. Ikki yil ichida Afg‘oniston aholisi 10-12 foizga ko‘paygan. Birgina 2025-yilning o‘zida mamlakatga 2,9 million, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida esa yana 600 ming kishi qaytgan.

Migrantlar oqimiga qo‘shni davlatlardagi bosimlar sabab bo‘lmoqda. Eron va Pokistonda afg‘onlarni deportatsiya qilish siyosati kuchaygan. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin sakkiz oy ichida Erondan 1,7 million va Pokistondan 1,1 million afg‘on qaytib kelishi mumkin.

BMTning Afg‘onistondagi gumanitar koordinatori vazifasini bajaruvchi Tojudin Oyevalening aytishicha, bu shunchaki chegaradagi vaqtinchalik muammo emas. Bu jiddiy demografik va iqtisodiy choralar ko‘rishni talab qiladigan jarayondir.

Qaytib kelayotgan migrantlarning yarmidan ko‘pini ayollar va bolalar tashkil etadi. Ularning ko‘pchiligi xorijda tug‘ilgan va Afg‘onistonda yaqinlari yo‘q. Agar ularga uy-joy, ichimlik suvi, tibbiy yordam va ish joylari berilmasa, mamlakatda qashshoqlik hamda ijtimoiy keskinlik yanada kuchayadi.

Rejaga ko‘ra, mablag‘ning 100,7 million dollari chegaradagi favqulodda yordamga sarflanadi. Bunga naqd pul, tibbiy xizmat, oziq-ovqat, suv va transport xarajatlari kiradi. Bu ishlarni Xalqaro migratsiya tashkiloti va uning hamkorlari bajaradi.

Qolgan 428,5 million dollar esa qochqinlarni joylashtirish dasturlariga yo‘naltiriladi. Buning uchun qurg‘oqchilik va oziq-ovqat taqchilligidan eng ko‘p zarar ko‘rgan 35 ta hudud tanlab olingan. Bu mablag‘ evaziga maktablar, shifoxonalar va suv tizimlari tiklanadi, odamlarga ish o‘rinlari yaratiladi va uy-joy muammolari hal etiladi.

Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatga kelganiga qariyb besh yil bo‘ldi. Mamlakat hozirda ishsizlik, qashshoqlik va xalqaro yordamning kamayishi bilan kurashmoqda. Gumanitar tashkilotlar mamlakat infratuzilmasi bunday katta hajmdagi qochqinlarni qabul qilishga tayyor emasligidan xavotirda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar