Daryo

Polsha Rossiya chegarasi yaqinida dronlarga qarshi mudofaa tizimi qurmoqda

Ehtimoliy bosqinning oldini olish uchun Belarus va Rossiyaning Kaliningrad hududi bilan chegaralarda muhandislik inshootlarini ham barpo etilmoqda.

2 daqiqa o‘qish4 482 ko‘rishlar0 izoh0

Polsha Rossiyaga yaqin sharqiy chegaralari bo‘ylab ikki yil ichida dronlarga qarshi yangi mudofaa tizimini ishga tushiradi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi vakili Sezari Tomchik ma’lum qildi.

Qaror 2025-yil boshida Rossiyaga tegishli dronlar Polsha havo hududiga ommaviy ravishda kirib kelganidan so‘ng qabul qilingan.

Biz taxminan olti oy ichida, balki undan ham oldinroq tizimning dastlabki imkoniyatlariga ega bo‘lishni kutmoqdamiz. To‘liq tizimni yakunlash uchun 24 oy kerak bo‘ladi, dedi Tomchik.

​Yangi havo mudofaasi tizimi 10 yil avval qurilgan eski himoya liniyasi bilan integratsiya qilinadi va bir necha qatlamdan iborat bo‘ladi. U pulemyotlar, artilleriya qurollari, raketalar hamda dronlarni ishdan chiqaruvchi radioelektron vositalarni o‘z ichiga oladi.
Ba’zi tizimlar faqat favqulodda yoki urush sharoitida qo‘llanadi. Masalan, ko‘p stvolli pulemyotlardan tinchlik davrida foydalanish qiyin, chunki osmonga otilgan har bir narsa oxir-oqibat yerga tushadi, dedi Tomchik.
​Shundan so‘ng Varshava sharqiy chegaralarni mustahkamlash bo‘yicha rejalarni tezlashtirdi. Loyihaning umumiy qiymati 2 milliard yevrodan oshadi va u asosan Yevropa Ittifoqining SAFE (Security Action for Europe) mudofaa kredit dasturi hisobidan moliyalashtiriladi.

Ukrainadagi urush qariyb to‘rt yildan beri davom etar ekan, Polsha o‘zini tobora urush sharoitiga moslashtirmoqda. Mamlakatda Rossiya razvedkasi bilan bog‘lanayotgan “qo‘poruvchilik va o‘t qo‘yish holatlari” ko‘paygan. Hukumat yuz minglab fuqarolarni omon qolish ko‘nikmalariga o‘qitish, shuningdek, ixtiyoriy harbiy tayyorgarlik dasturlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Dronlarga qarshi devordan tashqari, Polsha Belarus va Rossiyaning Kaliningrad hududi bilan chegaralarda “Sharqiy qalqon” nomli muhandislik inshootlarini ham barpo etmoqda. Ularning maqsadi ehtimoliy bosqinning oldini olishdir. Har bir chegara hududida tezkor tarzda ishga tushiriladigan logistika markazlari qurilishi ham ko‘zda tutilgan.

Bu markazlarda chegarani to‘sishga yordam beradigan uskunalar saqlanadi va ular bir necha soat ichida xizmatga tayyor bo‘ladi. Ta’kidlanishicha, Polsha mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 4,7 foizigacha oshirdi. Bu Yevropa Ittifoqidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda Ukraina yalpi ichki mahsulotining taxminan 40 foizini urushga sarflamoqda va biz harbiylarga qancha foiz ajratishimiz kerakligi haqida o‘ylayotgan har bir kishi o‘zidan so‘rashi kerak: xarajatlarni, aytaylik, 2 foizdan 3 yoki 3,5 foizga oshirish yaxshimi yoki keyinchalik 2 foizdan 40 foizgacha ko‘tarishmi?, degan Tomchik.

​U Rossiyaning Polshaga nisbatan harbiy rejalariga oid savolga javoban Sharqiy Yevropadagi Rossiya ekspansiyasi tarixiga ishora qilib, “tashqi urushlar Rossiya ichki siyosatida hokimiyatni mustahkamlash vositasi” sifatida ishlatilishini ta’kidladi.​

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar