Daryo

Latviyadagi plyajda Rossiya droni qoldig‘i topildi

Aniqlangan aviatexnika dron-imitatorlar bo‘lib, harbiylar ulardan havo mudofaa tizimlarini “ortiqcha yuklash” uchun soxta nishon sifatida qo‘llaydi.

1 daqiqa o‘qish1 238 ko‘rishlar0 izoh0

Latviyaning Ventspils o‘lkasidagi plyajda Rossiyaga tegishli dron qismi topildi. Bu haqda mamlakat qurolli kuchlari xabar berdi.

Dron bo‘lagi Varve aholi punkti yaqinida aniqlangan. Mudofaa vaziri Andris Sprudsning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyaning “Gerber” turidagi uchuvchisiz uchish apparatiga tegishli. Ularni ko‘pincha dron-imitatorlar deb atashadi, chunki harbiylar ularni havo mudofaa tizimlarini “ortiqcha yuklash” uchun soxta nishon sifatida ishlatadi.

Latviya mudofaa vaziri ta’kidlashicha, harbiylar topilgan bo‘laklarning portlash xavfi yo‘qligiga ishonch hosil qilgan. Bosh vazir Evika Silinya mudofaa va ichki ishlar vazirlariga polshalik hamkasblari bilan bog‘lanib, bu dron o‘tgan hafta Polshada topilgan aviatexnikalardan biri emasligini aniqlashni topshirgan. Qurolli kuchlar ma’lumotiga ko‘ra, bunday holatlar Latviyaning qirg‘oq hududlarida tez-tez uchraydi.

Muntazam ravishda qirg‘oqqa chiqarib tashlangan o‘q-dorilar qoldig‘i yoki boshqa harbiy obyektlarning bo‘laklari topiladi, deyiladi Qurolli kuchlar bayonotida.

Rus dronlarining Polsha havo hududiga buzib kirishi

Polsha havo hududini buzish bilan bog‘liq hodisa 10-sentyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgandi. O‘shanda Ukrainaga yirik zarba berish chog‘ida kamida 19 ta rus droni Polsha chegarasini kesib o‘tgan. Ularni qo‘lga olish uchun ilk bor NATO qiruvchi samolyotlari jalb qilingan. Keyinroq Polsha hududida 17 ta dron qoldiqlari topilgan.

Ushbu voqealarga javoban 12-sentyabr kuni alyans “Sharqiy qo‘riqchi” operatsiyasini boshlagan. 14-sentyabr kuni esa Polsha prezidenti Karol Navrotskiy NATO qo‘shinlarining mamlakat hududida qolishiga rasman ruxsat bergan. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi esa alyans mamlakatlari hududiga yangi bosqinlar sodir bo‘lgan taqdirda “kuch ishlatishga” tayyorligini bildirgan edi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar