Polsha Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada boʻlib turgan fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirdi. Bu haqda vazirlikning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Qaror Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi va Moskva tomonidan Polsha “do‘st bo‘lmagan davlat” deb e’lon qilingani bilan izohlangan.
“Biz Rossiyada yashovchi Polsha fuqarolariga uning hududini tijoriy va shaxsiy transport vositalar bilan tark etishni tavsiya qilamiz. Shaxsiy, oilaviy yoki kasbiy sharoitlar ularni mamlakatda qolishga majbur qilgan holatlar bundan mustasno”, deyiladi Polsha TIV murojaatida.
Shuningdek, vazirlik Polsha fuqarolariga zarur holatlardan tashqari Rossiyaga safar qilmaslikka chaqirgan.
“Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashganda, chegaralar yopilganda yoki boshqa kutilmagan vaziyatlarda evakuatsiya qilish qiyinlashishi, hatto imkonsiz bo‘lishi mumkin”, deyiladi murojaatda.
Polsha Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, Rossiyadagi diplomatik xodimlarning qisqarishi tufayli konsullik yordami cheklanishi va uzoq hududlardagi konsullik muassasalariga borishni talab etishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Varshava va Moskva 2024-yil kuzida konsulliklarni o‘zaro yopishni boshladi. Polshaning Sankt-Peterburg, Kaliningrad va Irkutskdagi vakolatxonalari faoliyati to‘xtatildi. Rossiyaning Poznan, Krakov va Gdanskdagi konsulliklari yopildi. Natijada ikkala davlatda ham bosh konsulxonalar faoliyati toʻxtatildi, faqat Moskva va Varshavada elchixonalar faoliyat yuritmoqda.








