Buyuk Britaniya yaqinda Rossiya dronlarining Polsha havo hududiga buzib kirishi ortidan boshlangan NATOning Eastern Sentry (“Sharqiy qo‘riqchi”) operatsiyasida ishtirok etish uchun Typhoon qiruvchilarini yuboradi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, britan qiruvchilari Polsha havo hududini himoya qiladi. Linkolshir grafligidagi Koningsbi aviabazasida joylashgan samolyotlar “yaqin kunlarda” parvozlarni boshlaydi. Ularga Briz-Norton bazasidan ko‘tariladigan Voyager yonilg‘i quyuvchi samolyotlari hamrohlik qiladi.
Britaniyaning “Tayfun” qiruvchilari NATOning sharqiy qanotini mustahkamlash bo‘yicha operatsiyada allaqachon ishtirok etayotgan Daniya, Fransiya va Germaniya havo kuchlariga qo‘shiladi. Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ta’kidlashicha, qiruvchi samolyotlari “tajovuzni to‘xtatish, NATO havo hududi xavfsizligini ta’minlash va milliy xavfsizlikni himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi”.
Polsha havo hududini buzish bilan bog‘liq hodisa 10-sentyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi, o‘shanda Ukrainaga yirik zarba berish chog‘ida kamida 19 ta rus droni Polsha chegarasini kesib o‘tdi. Ularni qo‘lga olish uchun birinchi marta NATO qiruvchi samolyotlari jalb qilindi, keyinroq Polsha hududida 17 ta dron qoldiqlari topildi.
Ushbu voqealarga javoban 12-sentyabr kuni alyans “Sharqiy qo‘riqchi” operatsiyasini boshladi, 14-sentyabr kuni esa Polsha prezidenti Karol Navrotskiy NATO qo‘shinlarining mamlakat hududida qolishiga rasman ruxsat berdi. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi alyans mamlakatlari hududiga yangi bosqinlar sodir bo‘lgan taqdirda “kuch ishlatishga” tayyorligini bildirdi.








