Oʻzbekistonda ekologik avtomobillarni koʻpaytirish boʻyicha besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi.
Shu bilan birga, elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi va yerlarni auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Ularni quvvatlash stansiyalarida mashinalarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 soʻmdan oshgan qismi davlat byudjetidan qoplab beriladi. Shuningdek, elektromobillarda taksi xizmati koʻrsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi.
Andijon bilan Qoʻngʻirotni, Toshkent bilan Termizni, Samarqand bilan Shahrisabzni, Olot bilan Sariosiyoni bogʻlaydigan, uzunligi 4 ming kilometr magistral yoʻllar xalqaro talablarga mos “avtoban”larga aylantirilishi xabar qilingandi.
2025-yil oktyabr oyida ikkilamchi bozorda elektromobillar sotuvi 15 foizga oshgani ham bildirilgan.








