O‘zbekistonga elektromobillar kirib kelishi bilan ularni quvvatlash masalasi ham kun tartibiga chiqa boshladi. 2021-yildan quvvatlash stansiyalarini o‘rnatuvchi kompaniyalar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bu yo‘nalishda biznes qilishni boshlagan bir qancha kompaniyalar 5 yildan ortiq vaqt davomida mamlakat bo‘ylab stansiyalarni o‘rnatib, butun bir tizimni yaratishdi. Bu O‘zbekiston uchun yangi faoliyat yo‘nalishi bo‘lganligi uchun aniq bir tartibning o‘zi mavjud emas edi.
Hozirga qadar kompaniyalar quvvatlash stansiyalarini mehmonxonalar, avtoturargohlar va boshqa xususiy sektorlar yerlariga ijara asosida joylashtirib, shartnoma asosida elektr tarmoqlariga ulanib, faoliyatini yuritib kelayotgani aytilmoqda.
2026-yil boshidan esa hokimiyat, ETKlar tomonidan quvvatlash stansiyalari faoliyatini tartibga solish bahonasida ularni ogohlantirishlarsiz elektrdan uzib qo‘yish holatlari kuzatila boshladi.
“Daryo” mazkur voqealar rivojini bir materialga jamlab, o‘zi nima gap bo‘layotganini tahlil qildi.
230 dan ortiq stansiya uzilgan
“Daryo” muxbiri quvvatlash stansiyalarini o‘rnatuvchi kompaniyalar bilan bog‘lanib, hozirda ularning nechta stansiyasi elektrdan uzib qo‘yilgani bilan qiziqdi.
O‘zbekiston bo‘ylab 2000 dan ortiq stansiyaga egalik qiluvchi Megawatt Energy vakilining aytishicha, hozirgi kunda 20 dan ortiq stansiyasi tokdan uzilgan. Ular kuniga 400 ta mashinaga xizmat ko‘rsatar edi, uzilish oqibatida ikki hafta ichida 5600 ta mijozga xizmat ko‘rsatishning imkoni bo‘lmagan.
K-Watt kompaniyasi vakili maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab 64 ta stansiyaga egalik qiladi va shundan 12 tasi tarmoqdan uzib qo‘yildi. “Buning oqibatida kuniga 1000 ta mijozga xizmat ko‘rsata olmayapmiz. Bu o‘tgan 2 hafta ichida 14 ming mijoz degani”, dedi kompaniya vakili.
Spectre Energy kompaniyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyat sababli 120 ta stansiya faoliyati noqonuniy ravishda cheklab qo‘yilgan. “Kuniga bir stansiyamizdan o‘rtacha 30 ta elektromobil foydalanadi. Bundan kelib chiqadiki har kuni 3600 ta mijoz kiynalmoqda. Bu holat 14 kundan beri davom etmoqda, bu 50 400 ta zaryad imkonsiz bo‘ldi degani”, dedi kompaniya vakili.
Mamlakatda 1000 ga yaqin quvvatlash stansiyalariga egalik qiluvchi TokBor kompaniyasi vakili esa 83 ta stansiyasi tokdan uzilganini maʼlum qildi.
Mazkur kompaniyalar vakillari ta’kidlashicha, masʼul tashkilotlar kuniga kamida bittadan stansiyani elektr energiyasi taʼminotidan ajratmoqda.
Poytaxt hokimligi pozitsiyasi
Toshkent shahar hokimligi stansiyalar tarmoqdan uzila boshlagan vaziyatga munosabat bildirib, buni “ulanishlarni tartibga solish va aholi uchun xavf-xatarlarni kamaytirish” bilan bog‘ladi.
Hokimlik tashabbus bilan chiqib, 3 martdan boshlab 12 ta ishchi guruh tuzilgani va poytaxtda tekshiruv o‘tkazilayotganini maʼlum qilgandi.
“Xatlov davomida ayrim qoidabuzarliklar aniqlandi: 101 ta shoxobcha zarur hujjatlari yo‘qligi sababli vaqtincha tarmoqdan uzildi, shuningdek, 62 ta shoxobchaning elektr taʼminoti korxonalari bilan shartnomasi mavjud emasligi maʼlum bo‘ldi”, deyiladi munosabatda.
Eʼtiborli jihati, hokimlik o‘z munosabatida texnik shartlarni keltirgan, lekin o‘zi ham aniq talab yo‘qligini va uni belgilash zarurligini qayd etgan.
Tarmoqlarda poytaxt hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Kasimovaning taʼkidlashicha, Kompaniyalarga stansiya o‘rnatishga ruxsat berilmagan. “Noqonuniy, ruxsatnomasiz, o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilganligi uchun to‘xtatilgan. Ruxsatnomasi borlar ishini davom ettirmoqda”, degan u.
“Barcha uchun mag‘lubiyatli holat”

“Daryo” muxbirining xabar berishicha, 12-mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida shahar hokimining transport va yo‘l-transport infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev stansiyalarni tarmoqdan uzish masalasini “barcha uchun mag‘lubiyatli holat” deb atagan.
“Hokimlik pozitsiyasini qisqacha aytaman. Nega biz bunday qarorga keldik? Reglament bor, shahar yeri bor. Shahar hududiga quvvatlash stansiyasini o‘rnatish uchun onlayn auksionda qatnashib, shu yerni sotib olish kerak. Hozirda o‘chirib qo‘yilgan stansiyalar shahar yerida turibdi va buning uchun pul to‘lamayapti, qolaversa, ular onlayn auksion orqali sotib olinmagan. Shuning uchun ularni o‘chirishga majbur bo‘ldik”, dedi Abdurahmon Baxtiyev.
U shuningdek hozirgacha tadbirkorlar qanday yo‘l bilan faoliyatini yo‘lga qo‘yganiga to‘xtaldi.
“Hududga yaqin joyda joylashgan do‘kon bilan kelishib, uning kadastr raqamini olib, tegishli ruxsat beruvchi tashkilotlarga hujjat topshiradi. Shu kadastr asosida ruxsatnoma olishadi. Shu tarzda ma’lumotlar biroz buzib ko‘rsatilishi sodir bo‘lmoqda, buning natijasida shahar byudjeti o‘z pulini ololmay qolyapti”, dedi hokimlik vakili.
Hokim o‘rinbosari stansiyalarni o‘chirilishini majburiy chora deb atadi. “Chunki, o‘zingiz bilasiz, qishki va yozgi mavsum - tuman elektr ta‘minoti korxonalari hamda shahar elektr tarmoqlari uchun og‘riqli masala”, dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, parallel ravishda stansiyalarga egalik qiluvchi kompaniyalar vakillari bilan muammo yechimi bo‘yicha muhokamalar boshlab yuborilgan.
“Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini o‘rnatish uchun yer uchastkalaridan foydalanish huquqini berish bo‘yicha reglamentni yangilash ustida ishlayapmiz. Tan olish kerak, bu yerda ozgina byurokratiya va yaxshilash kerak bo‘lgan jihatlar bor. Xalqaro tajribani o‘rganyapmiz. Hattoki Jahon banki bilan ham aloqa o‘rnatdik, ularda mazkur sohada ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirish bo‘yicha loyihasi bor”, dedi Abdurahmon Baxtiyev.
“Yagona tartibning o‘zi yo‘q”
Hukumat komissiyasining tadbirkorlar bilan 28 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Megawatt Energy, Tokbor, K-Watt, Spectre Energy kabi kompaniyalar vakillari O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayevga yuzlanib, mazkur muammoni hal qilishda yordam so‘radi.
Megawatt Energy vakili Aleksandr Abdullayevning aytishicha, mamlakatda 3 yil davomida 2000 dan ortiq quvvatlash stansiyalaridan iborat yirik tizimni yaratishgan.
“Bu 2000 ta quvvatlash stansiyalari 150 000 dan ortiq elektromobil hamda gibrid mashinalarni tok bilan taʼminlab kelmoqda. So‘nggi kunlarda ETKlari bilan kurashmoqdamiz. Bu faoliyatimizga noqonuniy aralashuv bilan bog‘liq, ular bizning stansiyalarimizni o‘chirib qo‘yishdi. Hujjatlarni olib kelinglar deyishyapti, olib borib ko‘rsatyapmiz. Lekin baribir yoqishmayapti. Bu juda ham jonga yetdi. Mazkur masalaga aralashib, tegishli tashkilotlar bilan bir stol ustida muhokama tashkil etib berishingizni so‘raymiz”, - dedi u.
Suhbatga Biznes-ombdusman o‘rinbosari Jamshid Urunov aralashib, elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini o‘rnatish yuzasidan yagona bir tartibning o‘zi yo‘qligini taʼkidladi.
“Quvvatlovchi stansiyalarni o‘rnatish uchun yagona tartib yo‘q. Bular yo‘llarini qilib, kimdandir ikkilamchi ijaraga olib, misol uchun mehmonxonalar yoki boshqa xususiy sektor oldiga qo‘yib chiqishgan. Bugungi kunga kelib, K-savdo platformasiga qo‘yish tartibi yo‘q, unga qo‘yilmaydi. Boshqa holatda esa 1-2 kv metr joyni ajratish bo‘yicha ham umuman tartib yo‘q. Shuning uchun bular qaysidir joyda kadastr, qaysidir joyda elektroset, qaysidir joyda hokimiyat bilan kelishib o‘rnatishyapti”, dedi u.
Jamshid Xodjayev esa Biznes-ombdusman o‘rinbosaridan tadbirkorlarga qanday yechim qilib berish mumkinligini so‘radi.
“Birinchidan, imkoniyati bo‘lsa, hozircha bularga ishlab turishga ruxsat berish kerak. Ikkinchidan, biz yo K-savdo‘ga bu yo‘nalishni chiqartirib, ishlash uchun imkoniyat yaratib berishimiz kerak. Yoki bo‘lmasa, mana shu quvvatlash stansiyalari ishlashi uchun alohida tartib ishlab chiqishimiz kerak”, dedi Jamshid Urunov.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Xusanovning tartib aprelgacha ishlab chiqilishini maʼlum qildi. “Quvvatlash stansiyalarini qonuniy qilish masalasida bu yil tartib ishlab chiqamiz va K-savdo'ga ham qo‘yamiz. Aprelgacha kiritamiz va keyin savdoga chiqaramiz”, dedi Nodirbek Xusanov.
TokBor kompaniyasi vakili hozirgacha qay tartibda ishlab kelishganini tushuntirdi.
“600 dan ortiq stansiyamiz Toshkent shahrida joylashgan. Yer uchastkalarini sotib olgan holatlarimiz bor, K-savdo orqali olgan vaziyatlarimiz bor. Toshkent shahrida 90 foiz holatda joy egalari bilan tuzilgan ijara shartnomasi orqali o‘rnatganmiz va ularning transformatoriga ulanganmiz. Biz hozircha tartib-qoida ishlab chiqilmaganini tushunamiz. Lekin tartib ishlab chiqilguniga qadar, ogohlantirishsiz kelib, stansiyalarimizni ommaviy tarzda o‘chirib ketilishi noto‘g‘ri deb o‘ylaymiz. Chaqirib, hujjatimizni so‘rab, amaliy yordam bersa bo‘ladigan joylarda yordam qilib, hal etsak bo‘lardi”, - dedi TokBor vakili.
Davron Vahobov ushbu tadbirkorga ikkilamchidan elektr energiyani qanchadan xarid qilayotganini so‘radi.
“Ikkilamchi bozordan 1 kv elektrni davlat belgilagan tarifda differensial bo‘lsa, differansial tarifda bo‘lmasa, 1000 so‘mdan sotib olamiz”, dedi TokBor vakili.
“Gap sizlar noqonuniy ishlatishlaringda emas. Gap, mana Energetika vazirligi, Hududiy elektr tarmoqlari gapirsin, bular sizlar ishlatayotgan joyda bunchalik elektr energiyaga talab yuqori bo‘lishini o‘zining transformatorlari, liniyalarida nazarda tutmagan. Bular shundan qo‘rqadi. Ertaga transformator kuyadi, qanaqadir liniyalar o‘chadi, bular tekshirsa, juda katta hajmdagi elektr energiya ishlatilayotgan bo‘ladi. Yuridik shaxs ijaraga beraman, pul qilaman degan. Energetik nuqtai nazardan yuklama hisobga olinmagan-ku”, - dedi Jamshid Xodjayev.
“Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari o‘rinbosari vaziyatning boshqa tarafiga oydinlik kiritishga urindi.
“Isteʼmolchini tarmog‘iga ulangan. U biz bilan shartnoma tuzib, elektr energiya uchun to‘lov qilyapti. Va subisteʼmolchi sifatida o‘zining quvvatlash stansiyasini o‘z hududiga yoki hududidan tashqari kadastri yo‘q obyektga joylashtirib boryapti. Birinchidan, bizni tarmog‘imizga birdaniga yuklama oshib ketyapti. Bular hozir biz texnik shartda isteʼmolchiga berilgan quvvatdan chiqmayapmiz, shuni doirasida ishlatayapmiz-ku, degan savol qo‘yyapti. Lekin, bizga elektr energiyani tarmoqqa ulash uchun hujjat bergan vaqtida, misol uchun, ishlab chiqarishga deb ko‘rsatyapti-da, keyingi bosqichda faoliyat turini o‘zgartirib, quvvatlash stansiyalari o‘rnatyapti. Bu noto‘g‘ri”, dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Islomov.
Jamshid Xodjayev bu stansiyalardan xalq foydalanayotganini aytib, tegishli tashkilotlar masʼullaridan iborat ishchi guruh tuzishni va ikki hafta ichida taklif kiritishni topshirdi.
Tadbirkor masala hal qilingunga qadar stansiyalarni ishlatib turishga ruxsat so‘radi.
Jamshid Xodjayev bunga quyidagicha javob berdi: “Men hozir sizga ha ishlatavering yoki yo‘q ishlatmang deb aytolmayman. Ishchi guruh o‘rgansin. Chunki ishlatavering desam, tasavvur qiling, menga ETK chiqib, siz aytgan edingiz, mana bu tuman svetdan uzildi, mana shuncha xalq chiqdi, hammayoq rasvo bo‘ldi desa, keyin men qanday bo‘ynimga olaman?”.
Tilga kirgan senator va deputatlar
Poytaxtda elektromobillarni quvvatlash stansiyalari bilan bog‘liq murakkab vaziyat yuzaga kelganidan ikki hafta o‘tibgina deputatlar va senatorlar munosabat berdi. Bu vaqtda esa hokimlik 200 dan ortiq stansiyalarni tokdan uzishga ulgurdi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov mazkur masalada Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov nomiga senator so‘rovi yubordi. Unda elektromobillar va gibrid transport vositalari uchun quvvatlash stansiyalarini elektr tarmog‘idan uzish yoki ularning faoliyatini cheklash sabablari haqida maʼlumot berish so‘ralgan.
Shuningdek, quvvatlash stansiyalarini qo‘llab-quvvatlash, tegishli infratuzilmani rivojlantirish hamda bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan asoslantirilgan axborot taqdim etish talab qilingan.
O‘zLiDeP partiyasi quvvatlash stansiyalari tokdan uzilishi va avtobus bekatlaridagi dokonlar buzilishiga munosabat bildirar ekan, buni davlat tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga asossiz ravishda aralashuv va xususiy mulk daxlsizligini buzish deb baholadi.
“Tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va tegishli obyektlarni o‘rnatish jarayonida qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnomalar olib, ammo, keyinchalik ularni “noqonuniy” yoki “dizayn-kodga mos kelmaydigan”, deb topib, sud qarorisiz buzib tashlashga asos bo‘la olmaydi”, — deyiladi munosabatda.
Partiya “noqonuniy qurilmalar”, deb topilgan obyektlar masalasi faqat sud tartibida ko‘rib chiqilishi shartligini qayd etdi. Fraksiya aʼzolari davlat tashkilotlariga deputatlik so‘rovlari yuborilishi maʼlum qilindi.








