O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yanada oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida ma’lum qildi.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar iqtisodiyotimizning kamida 2 foiz o‘sishiga turtki beradi”, dedi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, besh yillik dastur doirasida Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Toshkent bilan Termizni, Samarqand bilan Shahrisabzni, Olot bilan Sariosiyoni bog‘laydigan, uzunligi 4 ming kilometr magistral yo‘llar xalqaro talablarga mos “avtoban”larga aylantiriladi.
2026-yilning o‘zida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududidan o‘tgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometr yo‘llarda rekonstruksiya ishlari yakunlanadi. Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq, Pung‘on – Namangan va Qarshi – Shahrisabz yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan 800 kilometr yo‘llar qurilishi boshlanadi.
Endi yo‘llarni loyihalashtirishda aholining fikri, transport qatnovining atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish, piyodalar uchun “to‘siqsiz” muhit yaratish bo‘yicha qat’iy talablar qonun darajasida mustahkamlanadi.
Ichki temir yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha ham besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bog‘lash uchun 2026-yildan yana 500 kilometr temir yo‘l qurilishi boshlanadi.
Kelgusi yili 110 kilometr temir yo‘l tarmog‘i qurilib, Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri poytaxt bilan bog‘lanadi. “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlar uchun yangi temir yo‘l liniyasini qurish boshlanadi.
Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiydagi vokzallar ham xususiy sheriklik uchun beriladi.








