Isroil armiyasi 25-dekabr kuni Livan bo‘ylab havodan zarba berdi. Oqibatda ikki kishi, jumladan, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining tashqi amaliyotlar bo‘linmasi xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Isroil mudofaa kuchlari bayonotiga ko‘ra, mamlakat janubidagi Ansoriya munisipaliteti hududida avtomobilga berilgan zarba natijasida korpusning “Quds” maxsus kuchlari a’zosi Husayn Mahmud Marshad al-Javhariy yo‘q qilingan. Isroil tomoni uni “Suriya va Livan hududidan turib Erondan yo‘naltirilgan terrorchilik faoliyatini amalga oshirish”da ayblamoqda. Hozircha Eron tomoni ushbu ayblovlarga munosabat bildirmayapti.
Livanning NNA milliy axborot agentligi xabariga ko‘ra, yahudiy kuchlari Safad al-Batix shaharchasiga kirishda pikap rusumli mashina nishonga olingan. Isroil armiyasi ushbu hujumda “Hizbulloh” a’zosi o‘ldirilganini tasdiqlagan.
Sulh va davom etayotgan hujumlar
Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi 2024-yilning noyabr oyida kuchga kirgan edi. Biroq kelishuv imzolanganidan beri Isroil deyarli har kuni Livan hududiga zarbalar bermoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, sulhdan buyon Isroil hujumlari oqibatida Livanda 300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, ulardan taxminan 127 nafari tinch aholi vakillaridir.
Armed Conflict Location and Event Data Project loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra esa, yanvar oyidan noyabr oyining oxirigacha Isroil kuchlari Livan bo‘ylab qariyb 1600 ta zarba bergan. Isroil ushbu amaliyotlarni sulh shartlariga ko‘ra “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirish va uning infratuzilmasini yo‘q qilish zarurati bilan izohlab kelmoqda.








