Isroil harbiy-havo kuchlarining 20-fevral kuni Livan sharqiga bergan aviazarbalari oqibatida kamida 10 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Livan rasmiylariga tayanib, BBC xabar berdi.
Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) mazkur amaliyot davomida Bekaa vodiysida joylashgan va “Hizbulloh” guruhiga tegishli bo‘lgan obyektlar nishonga olinganini bildirdi. Mazkur hudud guruhning asosiy tayanch nuqtalaridan biri sanaladi.
Qurbon va talafotlar
“Hizbulloh” harakati o‘zining kamida olti nafar a’zosi, jumladan, yuqori martabali dala qo‘mondoni halok bo‘lganini tasdiqladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan zarbalar aholi punktlariga yaqin hududlarga berilgani va jiddiy vayronagarchiliklar yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi.
Isroil tomoni bergan bayonotda “Hizbulloh” o‘z harbiy infratuzilmasini tinch aholi punktlariga joylashtirgani va bu harakati bilan o‘zaro kelishuvlarni buzayotganini ta’kidladi.
Sulh xavf ostidami?
Mazkur hujum 2024-yil noyabr oyida Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvdan keyingi eng qonli zarbalardan biri bo‘ldi. Garchi 13 oylik urushni yakunlagan sulh bitimi imzolangan bo‘lsa-da, Isroil Livan hududiga deyarli har kuni zarba berishda davom etmoqda.
“Hizbulloh”ning da’vo qilishicha, sulh bitimi faqat Litani daryosi va Isroil bilan norasmiy chegara hisoblangan “Ko‘k chiziq” oralig‘idagi (Janubiy Livan) hududga taalluqlidir.
Qurolsizlanish
Livan hukumati guruhni qurolsizlantirish rejasining ikkinchi bosqichini boshlamoqchi, biroq “Hizbulloh” Bekaa vodiysi va boshqa hududlardagi qurollari taqdirini muhokama qilishdan bosh tortmoqda.
Mintaqaviy keskinlik
Sharqiy hududlardagi hujumlardan bir necha soat oldin, Sidon shahri yaqinidagi Falastin qochqinlar lageriga ham zarba berilgan edi. Isroil u yerda HAMAS qo‘mondonlik markazi yo‘q qilinganini aytdi.
Mintaqadagi vaziyat AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolishi fonida yanada keskinlashmoqda. Ekspertlarning xavotiricha, agar Isroil va Eron o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv yuz bersa, Tehron “Hizbulloh”ni yana urushga kirishga majbur qilishi mumkin.








