Daryo

“U to‘xtamaydi”. Germaniya rahbari Putinni Gitlerga qiyosladi

Fredirix Mers tarixdan parallel o‘tkazib, Donbassni Rossiyaga berish Sudet viloyatini Gitlerga topshirish bilan barobarligini ta’kidladi. Kansler ushbu misol bilan Kremlning ambitsiyalari Ukraina bilan cheklanmasligini ta’kidladi.

1 daqiqa o‘qish6 448 ko‘rishlar0 izoh4

Germaniya kansleri Fridrix Mers Rossiya prezidenti Vladimir Putinni natsistlar yetakchisi Adolf Gitlerga qiyoslab, agar Ukraina mag‘lub bo‘lsa, urush shu bilan to‘xtamasligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda u 13-dekabr kuni partiya qurultoyida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

Mers o‘z chiqishida tarixdan parallel o‘tkazib, 1938-yilgi voqealarni eslatdi. O‘shanda Fransiya va Buyuk Britaniya urushning oldini olish uchun Chexoslovakiyaga shart qo‘yib, Sudet viloyatini Germaniyaga topshirishga majburlagan edi. Biroq bunday qadam Gitlerning tajovuzkor niyatlarini to‘xtatmadi.

Natijada oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i 1939-yil mart oyiga kelib fyurer barcha va’dalarni buzdi. Germaniya Chexoslovakiyaning qolgan hududlarini ham bosib oldi. Bu esa alal-oqibat Ikkinchi jahon urushiga olib kelgan voqealarni boshlab berdi.

Foto: Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun chiqqan avstriyaliklardan biri Putinni Gitlerga qiyoslamoqda. Vena, 2022-yil
Foto: Getty Images

Kanslerning ta’kidlashicha, Donbassni Rossiyaga berish Putinning ambitsiyalarini qondiradi, degan fikr aynan shu tarixiy tajriba sabab ham xatodir. Unga ko‘ra, 1938-yildagi Myunxen kelishuvi Gitlerni to‘xtatmagani kabi, Rossiyaga hududiy yon berish ham Putinni to‘xtatmaydi.

Mers 2014-yildan so‘ng boshlangan voqealarni Rossiyaning Ukrainaga, umuman olganda, Yevropaga qarshi tajovuzkor urushi deb atadi. Shuningdek, u agar Ukraina mag‘lub bo‘lsa, mojaro shu bilan yakunlanmasligini qayd etdi. Kanslerning aytishicha, Gitler uchun Sudet hududi yetarli bo‘lmagani kabi, Putin ham Donbass bilan to‘xtab qolmaydi.

Germaniya kanslerining mazkur bayonotidan bir necha soat o‘tib Ukraina prezidenti Berlinga keldi. U AQSH prezidentining maxsus vakillari, shuningdek Yevropa mulozimlari bilan Oq uy taklif qilgan tinchlik kelishuvi shartlarini muhokama qiladi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar