Germaniyadan yana ikki dona Patriot havo hujumidan mudofaa majmuasi Ukraina shaharlarini himoyalashga qo‘shildi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Patriot majmualari Germaniya hukumati bilan erishilgan so‘nggi kelishuvlar doirasida yetkazib berilgan.
AQSHda ishlab chiqilgan Patriot zenit-raketa majmuasi dunyodagi eng zamonaviy havo mudofaa tizimlaridan biri hisoblanadi. U samolyotlar, qanotli va ballistik raketalarni yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan.
Patriot yuqori tezlikda harakatlanuvchi va murakkab nishonlarni urib tushirish imkoniyatiga ega bo‘lib, strategik obyektlar hamda yirik shaharlar uchun ko‘p qatlamli himoyani ta’minlaydi. Tizim havo nishonlarini 24 km balandlikda va 160 km masofagacha yo‘q qila oladi, katta hududlarni himoya qiladi.
Mudofaa vazirligida ta’kidlanishicha, hozirda Patriot havo mudofaa tizimlari Ukraina shaharlarini va muhim infratuzilmani himoya qilmoqda, dushman tomonidan energetika obyektlari hamda tinch aholi obyektlariga yo‘naltirilgan qanotli va ballistik raketa zarbalaridan ko‘rilayotgan talafotlarni kamaytirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilning noyabr oyida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius sentyabr oyida Ukrainaga 2025-yil oxirigacha ikki dona Patriot tizimi yetkazib berilishiga va’da bergan edi.








