Daryo

“Qinidan chiqqan pichoqlar”, “Avatar 3”: qish mavsumida premyerasi kutilayotgan filmlar (treyler)

Sirli detektiv hamda global blokbasterlar premyerasi qishki kayfiyatni yanada ko‘taradi.

2 daqiqa o‘qish8 976 ko‘rishlar0 izoh0

Sovuq kunlar yaqinlashar ekan, kinoteatrlar ham eng kutilgan loyihalari bilan jonlanadi. Bu mavsum tomoshabinlarni nafaqat yorqin treylerlar, balki yirik franshizalarning qaytishi, yangi syujetlar va ajoyib vizual effektlar bilan hayratga soladi. Maqolada aynan shu qishda ekranlarga chiqishi kutilayotgan eng diqqatga sazovor filmlar haqida so‘z yuritamiz. 

“Fekhem-Holl”

Angliya, 1931-yil. Erik badavlat xonadonga xizmatkor sifatida ishga joylashadi va darrov xo‘jayinning qizi Rouzni o‘ziga maftun etadi. Qahramonning hayoti tinch kechayotgan edi, ammo uyda sodir bo‘lgan g‘alati hodisa uni shubha ostiga qo‘yadi. Endilikda u sirlarni fosh etishi va qizning qalbini zabt etmoqchi bo‘lgan raqibini dog‘da qoldirishi lozim.

Premyera: 4-dekabr

“Qinidan chiqqan pichoqlar: marhumning tirilishi”

Xususiy detektiv Benua Blank cherkovdagi va’zdan so‘ng vafot etgan janob Jefferson Uiksning sirli o‘limini tekshirish uchun kichkina shaharchaga tashrif buyuradi. Guvohlar orasida cherkov a’zolari Marta Delakrua, doktor Net Sharp, advokat Vera Dreven va yozuvchi Li Ross bor. Yosh ruhoniy Jad Dyuplentisi tergovda yordam beradi va o‘z sirlarini yashiradi. 

Sevimli detektiv franshizaning yangi qismida Daniel Kreygdan tashqari Mila Kunis, Josh O‘Konnor, Glenn Klouz, Endryu Skott, Josh Brolin, Jeremi Renner rollarni ijro etgan.

Premyera: 12-dekabr

“Avatar: alanga va kul”

Jeyk Salli va uning oilasi Na’vilar orasida yashashmoqda. Ular Varang boshchiligidagi yangi qabila - Kul odamlari bilan to‘qnashadi. Qahramonlar o‘z uylarini va yaqinlarini himoya qilishlari kerak, Pandora dunyosi esa yana larzaga kelish arafasida turibdi.

Premyera: 17-dekabr

“Anakonda”

Bir guruh do‘stlar (Jek Blek va Pol Radd boshchiligida) sevimli “Anakonda” filmining qayta ishlangan variantini suratga olish uchun changalzorga yo‘l olishadi. Suratga olishning asosiy “yulduzi” bo‘lgan ilon halok bo‘lgach, ular xavf-xatarga to‘la o‘rmonning ichkarisidan uning o‘rnini bosuvchi ilonni topishga majbur bo‘ladilar. Xavflar orasida ulkan anakonda ham bor bo‘lib, u qayiqni ag‘darib yuboradi va do‘stlarni omon qolish ko‘nikmalarini hamda sirk tryuklarini eslashga majbur qiladi.

Premyera: 24-dekabr

“Ajoyib Marti”

Yosh va shijoatli Marti Mauzer stol tennisi bo‘yicha chempion bo‘lish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanadi. U o‘z orzusi yo‘lida raqobat, hasad va qiyinchiliklarga duch keladi, ammo imkonsiz narsaning o‘zi yo‘qligini isbotlash uchun hech narsadan qaytmaydi.

Premyera: 25-dekabr

“Grenlandiya: ko‘chish”

Dunyo global falokatlarni boshidan o‘tkazganiga besh yil bo‘ldi. Grenlandiyada yashash imkonsiz bo‘lib qoladi, chunki omon qolganlarga yangi xavf tahdid solmoqda. Endi omon qolganlar xavfsiz joy izlab xatarli sayohatga chiqishga majbur.

Premyera: 8-yanvar

“Marsupilami. Momiq kruiz”

Davidga Janubiy Amerikadan sirli jo‘natmani yetkazib berish vazifasi topshiriladi. U o‘zining sobiq sevgilisi Tess, uning o‘g‘li Leo va jo‘natmani tashish uchun foydalanayotgan sodda hamkasbi Stefan bilan birga kruiz kemasiga tushadi. Ammo tasodifan jo‘natmani ochib qo‘yganda, hamma narsa chappasiga ketadi: yoqimtoy kichkintoy Marsupilami paydo bo‘ladi va sayohat tartibsizlikka aylanadi.

Premyera: 26-fevral

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar