Daryo

Kinotavsiya: O‘tmish, kelajak va boshqa olamlarga sayohat haqidagi qiziqarli filmlar

Boshqa dunyo yoki vaqtlararo sayohat kitoblar, filmlar va seriallardagi eng mashhur fantastik mavzulardan biri hisoblanadi.

3 daqiqa o‘qish4 064 ko‘rishlar0 izoh11

Boshqa dunyo yoki vaqtlararo sayohat kitoblar, filmlar va seriallardagi eng mashhur fantastik mavzulardan biri hisoblanadi. Yaqinda Janubiy Koreyaning “Zolim shohning oshpazi” nomli dramasi haqiqiy xitga aylandi. Unda Choson davriga tushib qolgan fransuz oshpazi haqida hikoya qilinadi.

“Qirmizi yurak” (2016) — 20 qism

Oy tutilishi paytida oddiy qiz Go Ha-jin suzishni bilmaydigan bolani qutqaradi, ammo o‘zi cho‘ka boshlaydi. Hushiga kelganda, o‘zini Koryo davridagi Xe Su ismli qizning tanasida ko‘radi. Bu qizni yoshligida shahzodaning xotini tarbiyaga olgan ekan. Xe Su haqiqiy yovvoyi bo‘ri, shafqatsiz, sovuqqon va yolg‘iz deb hisoblangan to‘rtinchi shahzoda Van So bilan tanishgach, vaziyat butunlay chigallashib ketadi.

Yolg‘iz valiahd shahzodaning muzday qalbini eritishga muvaffaq bo‘lgan yosh qizning ko‘plab tomoshabinlar qalbini zabt etgan afsonaviy sevgi dostoni.

“Ishonch” (2012) — 24 qism

Qirollik qo‘riqchilari sardori Chxve Yon qanday bo‘lmasin malikaga maxsus tabib topishi shart. Sehrli darvozadan o‘tib, Chxve Yon 2012-yilgi Seulga tushib qoladi. Sardar o‘zi tushgan joydan hayratlanib, o‘ziga kerak bo‘lgan tabib deb plastik jarroh Yu Yin-suni tanlaydi. U Chxve Yonni 1351-yilga olib o‘tadi va malikaga yordam bergach, uyiga qaytarishga va’da beradi.

Serial vaqtlararo sayohat va qahramonlarning g‘ayritabiiy qobiliyatlari, tibbiyot, murakkab siyosiy fitnalar hamda Koryolik qat’iyatli sarkarda bilan uzoq kelajakdan kelgan qiz o‘rtasidagi go‘zal va bosiq sevgi tarixi uyushtirmasining ajoyib namunasidir.

“Mukammal notanishim” (2023) — 16 qism

Teleboshlovchi Yun He-jun va nashriyot xodimasi Pek Yun-yon 2021-yildan 1987-yilga tushib qoladi. Yun He-jun o‘tmishda seriyali qotil haqidagi haqiqatni aniqlashga va o‘z hayotini saqlab qolishga urinadi. Ish va oilasi tufayli og‘ir ruhiy tushkunlikka uchragan Pek Yun-yon esa ota-onasining nikohiga to‘sqinlik qilishga harakat qiladi. Vaqt sayohatchilarining maqsadlari butunlay boshqacha ko‘rinsa-da, tez orada ularning taqdiri bir-biriga bog‘liq ekani ma’lum bo‘ladi.

“Parallel dunyolar” (2016) — 16 qism

Kardiojarroh O Yon-ju “W” nomli mashhur veb-komiks muallifining qizi. Bir kuni uning otasi sirli ravishda g‘oyib bo‘ladi va uni qidirayotgan Yon-ju bexosdan komiks olamiga tushib qoladi. U yerda bosh qahramon, xarizmatik milliarder Kan-chxol bilan uchrashadi, unga shoshilinch yordam kerak bo‘ladi. Shu paytdan boshlab voqelik va xayol o‘rtasidagi chegara tobora xiralashib, ikki dunyo odamlarining sevgisi esa kuchayib boradi.

Bu g‘ayrioddiy koreys dramalaridan biri hisoblanadi, unda bosh qahramonlar haqiqiy dunyodan komiks dunyosiga va aksincha o‘ta oladilar.

 “Eng yaxshi xit” (2017) — 16 qism

Yu Hyong-je iste’dodli va mashhur qo‘shiqchi bo‘lib, yomon fe’l-atvori tufayli doimo o‘z agentligiga muammolar keltiradi. Bir kuni u favqulodda vaziyatga tushib, g‘oyib bo‘ladi va shundan so‘ng uni halok bo‘lgan deb hisoblashadi. Aslida esa Yu Hyong-je 2017-yilga sayohat qiladi, u yerda zamonaviy texnologiyalar bilan to‘qnashadi hamda davlat xizmati imtihoniga tayyorgarlik ko‘rayotgan, lekin idol bo‘lishni orzu qilayotgan talaba Li Ji-xun va uning epchil do‘sti Chxve U-sin bilan tanishadi.

“Poyezd” (2020) — 12 qism

Ko‘p yillar oldin So Do-von yaqin do‘sti Xan So-gyon bilan uning otasining o‘limi bilan bog‘liq sir tufayli gaplashmay ketgan. Hozirda u dovyurak politsiyachi, Xan So-gyon esa taniqli va hurmatli prokuror. Bir qator sirli jinoyatlarni tergov qilish jarayonida So Do-von hamkasblarining ishonchini yo‘qotadi. Biroq oxir-oqibat Xan So-gyonning o‘limiga va So Do-vonning parallel voqelikka tushib qolishiga olib keladi. Bu voqelikda Xan So-gyon hali ham tirik, So Do-von esa butunlay boshqa odam.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar