Daryo

Afg‘oniston-Pokiston chegarasida qurolli hujum: 6 nafar askar halok bo‘ldi

Hodisa ikki davlat o‘rtasida joylashgan Kurram tumanidagi xavfsizlik nazorat punktida sodir bo‘ldi. Qurbonlar Islomobod tarafidan ekani aytilmoqda.

1 daqiqa o‘qish9 069 ko‘rishlar0 izoh1

Pokiston rasmiylari 9-dekabr kuni Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan Kurram tumanidagi xavfsizlik nazorat punktiga qurollangan shaxslar hujum qilganini ma’lum qildi. Oqibatda olti nafar pokistonlik askar halok bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu hujum uchun javobgarlikni hali hech bir guruh o‘z zimmasiga olmagan. Islomobod bu voqeada “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP) jangarilarini ayblamoqda. Ular TTP guruhi Afg‘oniston hududidan turib xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumlarni rejalashtirayotganini aytadi. Kobul esa bu ayblovlarni rad etib, Pokiston xavfsizligi mamlakatning ichki muammosi ekanini ta’kidlamoqda.

Uzoq yillik ittifoqchi bo‘lgan “Tolibon” hukumati va Islomobod o‘rtasida oktyabr oyidan beri chegarada vaqti-vaqti bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Jumladan, so‘nngi hujum 5-dekabr kuni sodir bo‘lgandi. Keyinroq xabar qilinishicha, bu voqeada har ikki tomondan kamida besh kishi halok bo‘lgan.

Qatar, Turkiya va Saudiya Arabistoni mezbonligida o‘tkazilgan uch raund tinchlik muzokaralari barqaror kelishuvga erishish bilan yakunlanmagan. Ikki davlat o‘rtasidagi tog‘li chegara hududlarida deyarli 20 yildan beri mamlakat hukumatiga qarshi kurashib kelayotgan, “Pokiston Toliboni” deb ham ataluvchi “Tahriki Tolibon Pokiston” guruhining jangarilari yashaydi.

Guruh, Kobuldagi hamkasblarining qarashlariga o‘xshash tarzda, Islom qonunlarining talqiniga amal qiladi. Afg‘oniston “Tolibon”i guruh bilan hech qanday operativ aloqasi yo‘qligini aytayotgan bo‘lsa-da, xalqaro hisobotlar “Tolibon” “Tahriki Tolibon Pokiston”ni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatadi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar