Daryo

Pokiston Afg‘onistondagi uylar va universitetga zarba berdi: qurbonlar bor

Hodisada 70 ga yaqin jarohatlanganlar bor. Ularning ko‘pchiligni talabalar tashkil etadi.

1 daqiqa o‘qish5 157 ko‘rishlar0 izoh1

Pokiston 27-aprel kuni Afg‘oniston sharqidagi Kunar viloyatiga aviazarba berdi. Oqibatda kamida to‘rt nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi, yana 70 ga yaqin kishi jarohatlandi. Bu haqda “Tolibon” matbuot kotibi o‘rinbosari Hamtulla Fitrat bayonotiga tayanib Amu TV xabar berdi.

Zarbalar viloyatdagi bir nechta hududga, jumladan, viloyat markazi Asadobod shahri va Manogay tumanining ayrim qismlariga berilgan. Hamtulla Fitratning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlar orasida 30 nafarga yaqin talaba bor. Shunigdek, ayollar va bolalar ham hodisadan jabr ko‘rgan.

Mahalliy vaqt bilan soat 14:00 atrofida boshlangan hujumlar oqibatida Sayid Jamoliddin Afg‘on universitetining Ta’lim fakulteti binosi va odamlarning yashash uylari zarar ko‘rgan.

“Tolibon” hujumlarni urush jinoyati deb atadi. Ular Pokistonni tinch aholi va ta’lim muassasalarini nishonga olishda ayblamoqda. Pokiston rasmiylari bir necha kunlik tanaffusdan so‘ng qayta boshlangan ushbu zarbalar yuzasidan hozircha izoh bermadi.

Afg‘oniston va Pokiston chegarasida keskinlik yana avj olgan. 26-aprel oqshomidan boshlab janglar kuchaydi. Xususan, Qandahor viloyatining Spin Boldak tumanida “Tolibon” kuchlari va Pokiston qo‘shinlari o‘rtasida bir necha bor to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.

Vaziyatning yomonlashishi aprel oyi boshida Xitoyda o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng yuz bermoqda. Chegaradagi keskinlikni pasaytirishga qaratilgan bir haftalik muzokaralar aniq natijasiz yakunlangan. Asosiy nizoli masalalar hal etilmay qolgan.

Ikki tomon o‘rtasidagi chegara orti zo‘ravonliklari ikki oydan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda. Pokiston “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP) jangarilari Afg‘oniston hududidan turib harakat qilayotganini da’vo qiladi. “Tolibon” esa bu ayblovlarni rad etib keladi.

BMT tinch aholi orasida qurbonlar soni ortib borayotganidan ogohlantirdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi to‘qnashuvlarning dastlabki ikki haftasida Afg‘oniston sharqida 70 dan ortiq tinch aholi vakili o‘ldirilgan.

Eng mudhish voqealardan biri 16-mart kuni sodir bo‘lgan. O‘shanda Pokistonning Omid reabilitatsiya markaziga bergan zarbalari oqibatida 269 kishi halok bo‘lgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar