Avstraliya 6-dekabr kuni Afgʻonistondagi “Tolibon” harakatining toʻrt nafar rasmiysiga nisbatan moliyaviy sanksiyalar va sayohat cheklovlarini joriy qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Taqiqqa mamlakatdagi ayollar va qizlarning ahvoli, xususan, inson huquqlarining yomon ahvoldagi sabab qilib koʻrsatilmoqda. Avstraliya tashqi ishlar vaziri Penni Vongning taʼkidlashicha, sanksiyaga uchragan rasmiylar mamlakatda ayollarga zulm qilishda, boshqaruv va qonun ustuvorligiga putur yetkazishda ishtirok etgan.
Sanksiya kiritilgan shaxslar va cheklovlar mazmuni
Penni Vong bayonotida aytilishicha, sanksiyalar “Tolibon”ning uch vaziri va haakatning bosh sudyasiga qaratilgan. Ular qizlar va ayollarning taʼlim, ishga joylashish, erkin harakatlanish va jamoat hayotida ishtirok etish imkoniyatini cheklashda ayblanmoqda.
Vazirning soʻzlariga koʻra, bu choralar Avstraliya hukumatining yangi tizimi doirasida amalga oshirilgan boʻlib, u hukumatga “Tolibon”ga bosimni kuchaytirish, Afgʻoniston xalqiga zulm qilinishini nishonga olgan holda sanksiyalar va sayohat cheklovlarini bevosita joriy etishga imkon beradi.
Avstraliya 2021-yil avgustida qoʻshinlarini Afgʻonistondan olib chiqqan davlatlardan biri edi. Undan oldin, mamlakat yigirma yil davomida NATO boshchiligidagi xalqaro kuchlarning aʼzosi boʻlib, Afgʻoniston xavfsizlik kuchlarini tayyorlagan va “Tolibon”ga qarshi kurashgan. “Tolibon” hokimiyatni qayta qoʻlga kiritgach, Avstraliya Afgʻonistondan minglab evakuatsiya qilingan odamlarni, asosan, ayollar va bolalarni qabul qilgan.
Bugungi kunda Afgʻoniston aholisining katta qismi yashab qolish uchun gumanitar yordamga tayanmoqda. “Tolibon” hokimiyatni qaytarib olganidan beri ayollarning huquq va erkinliklarini taʼlim hamda ishlashni taqiqlash orqali jiddiy cheklagani uchun xalqaro miqyosda tanqid qilinmoqda. Harakat vakillari esa oʻz navbatida, islom qonunlari va mahalliy urf-odatlarga asoslangan holda ayollar huquqlarini hurmat qilishini aytib keladi.








