Afg‘onistonning Hirot viloyatida “Tolibon”ning ayollar kiyinishi bo‘yicha siyosatiga qarshi o‘tkazilgan namoyishlarda ikki kishi halok bo‘ldi. Bir guruh BMT ekspertlari va Yevropa Ittifoqi namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilganini hamda ayollarning asossiz hibsga olinganini qoraladi. Bu haqda Kabul Now xabar berdi.
BMT ekspertlari, jumladan, Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Richard Bennett 11-iyun kuni bayonot berdi. Ular “Tolibon”ning harakatlarini xalqaro inson huquqlari qonunchiligini buzish deb atadi. Ekspertlar tartibni saqlashda kuch ishlatish xalqaro standartlar bilan qat’iy cheklanganini eslatdi.
Shuningdek, ular “Tolibon”ni Afg‘oniston a’zo boʻlgan xalqaro shartnomalarga rioya qilishga chaqirdi. Bular qatorida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi pakt, Qiynoqlarga qarshi konvensiya va Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya bor.
Norozilik namoyishi 9-iyun kuni Hirotning asosan hazoralar yashaydigan Jabroil mahallasida boshlandi. Bunga “Tolibon”ning qat’iy kiyinish qoidalarini buzganlikda ayblanib, o‘nlab ayol va qizlarning hibsga olingani sabab bo‘ldi. Odamlarning g‘azabi bir necha kun davomida kuchayib borgan. Namoyishga erkaklar, ayollar va bolalar yig‘ilib, “Tolibon”ning tobora kuchayib borayotgan tazyiqlariga qarshi chiqqan.
Ekspertlar voqea yuzasidan tezkor, mustaqil, xolis va shaffof tekshiruv o‘tkazishni talab qildi. Ular “Tolibon”ni tinch yig‘ilishlar, so‘z va harakatlanish erkinligi hamda asossiz hibsga olishlardan himoyalanish kabi asosiy huquqlarni hurmat qilishga chaqirdi. Ekspertlar, shuningdek, hibsga olingan ayollarni zudlik bilan qo‘yib yuborishni, ularga tibbiy yordam ko‘rsatishni va uylarda tintuv o‘tkazishni to‘xtatishni talab qildi.
“Tolibon” 2021-yilda hokimiyatga qaytganidan beri ayollar va qizlar uchun ko‘plab cheklovlar joriy etdi. Ular qatorida o‘rta va oliy ta’lim olishni taqiqlash, ishlashni cheklash, kiyinish va harakatlanish bo‘yicha qat’iy qoidalar bor. Inson huquqlari tashkilotlari va BMT rasmiylari bu choralarni ayollar va qizlarni tizimli kamsitish deb baholamoqda.
Bundan oldin “Tolibon”ning Hirot viloyatidagi Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish boshqarmasi aholini ogohlantirgandi. Unga ko‘ra, Afg‘onistonda oilalar ayollarning munosib kiyinish qoidalariga amal qilishini ta’minlashi shart. Aks holda ular hibsga olinishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, erkaklar o‘z oilasidagi ayollarning ko‘chaga hijobsiz chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Quyidagi holatlarda ayollar “Tolibon” axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinishi va ayollar qamoqxonasiga joylashtirilishi mumkin:
- ko‘chada ro‘molsiz yursa;
- yuzi ochiq holatda bo‘lsa;
- tor kiyim kiysa;
- pardoz qilgan bo‘lsa.








