“Tolibon”ning Hirot viloyatidagi Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish boshqarmasi aholini ogohlantirdi. Unga ko‘ra, Afg‘onistonda oilalar ayollarning munosib kiyinish qoidalariga amal qilishini ta’minlashi shart. Aks holda ular hibsga olinishi mumkin. Bu haqda mahalliy manbalar va qo‘lga kiritilgan hujjatlarga tayanib, AmuTV xabar berdi.
Nashr qo‘lga kiritgan hujjat nusxasida yozilishicha, erkaklar o‘z oilasidagi ayollarning ko‘chaga hijobsiz chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Quyidagi holatlarda ayollar “Tolibon” axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinishi va ayollar qamoqxonasiga joylashtirilishi mumkin:
- ko‘chada ro‘molsiz yursa;
- yuzi ochiq holatda bo‘lsa;
- tor kiyim kiysa;
- pardoz qilgan bo‘lsa.
Hujjatda “Tolibon”ning axloq qonuniga tayanilgan. Unda aytilishicha, oiladagi erkak vasiylar ayollarning kiyinish qoidalariga amal qilishi uchun bevosita javobgardir. Qoidalarni buzish huquqiy choralarga va ayollarni hibsga olishga sabab bo‘ladi.
Buyruq talablarni bajarishni va erkak qarindoshlarning mas’uliyatini qat’iy belgilab qo‘yadi. Talablarni bajarmaganlar hibsga olinadi va “Tolibon” sud organlariga topshiriladi.
Choralar qachondan kuchga kirdi?
Buyruq Hirotda tarqalgan audioyozuv fonida paydo bo‘ldi. Mahalliy manbalarning aytishicha, bu audio “Tolibon” axloq politsiyasiga tegishli. Unda so‘zlagan shaxs ushbu chora mahalliy “Tolibon” yig‘ilishidan keyin qabul qilinganini va 6-iyun kunidan kuchga kirishini aytgan.
Shuningdek, audioyozuvda mahalla vakillari va masjid imomlariga yangi choralar haqida aholini xabardor qilish buyurilgan. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” axloq politsiyasi so‘nggi oylarda Hirotda ayollarning kiyinishini tekshirishni kuchaytirgan. Buning uchun shaharning gavjum joylarida nazorat punktlari tashkil etilgan.
“Tolibon” 2021-yil avgust oyida hokimiyatga qaytganidan beri xotin-qizlar uchun keng ko‘lamli cheklovlar joriy etdi. Inson huquqlari tashkilotlarining ma’lumotlariga ko‘ra, harakat hozirgacha ayollarning ta’lim olishi, ishlashi, jamoat joylariga chiqishi va ijtimoiy hayotning boshqa sohalaridagi huquqlarini cheklovchi 100 dan ortiq farmon chiqargan.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati yaqinda qizlar sukut saqlashini nikoh uchun rozilik belgisi deb qabul qildi. Biroq o‘g‘il bola yoki ilgari turmush qurgan ayolning sukunati avtomatik ravishda rozilik hisoblanmaydi. Shu tariqa “Tolibon” voyaga yetmaganlar nikohini qisman qonuniylashtirdi.








