Oʻzbekistonda yoʻlovchi tashuvchi poyezdlar chiptalari asl narxidan sezilarli darajada arzon. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisining birinchi oʻrinbosari Hikmatulla Rahmatov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda maʼlum qildi.
Kecha, 27-noyabr kuni Toshkent shahrida Transkaspiy yoʻlagi va oʻzaro bogʻliqlik masalasida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirokidagi forum oʻtkazildi. Tadbirda transport sohasini rivojlantirish haqida suhbatlashildi.
Sessiyalardan biri yakunida jurnalistlar bilan suhbatlashgan Hikmatulla Rahmatov bir necha masalalar qatori poyezdlar chiptalari qimmatligi haqidagi savolga javob berdi.
“Narxlar xarajatdan kelib chiqadi. Hozir “Oʻzbekiston temir yoʻllari” chiptalarni oʻz xarajatlariga nisbatan arzon sotyapti. Yaʼni bir soʻm xarajat qilayotgan boʻlsak, chiptani 50 tiyinga sotyapmiz. “Afrosiyob” uchun ham, boshqa poyezdlarga ham shunday. Agar “Afrosiyob” poyezdi xarajatlari oʻzini oʻzi qoplaydigan boʻlsa, chiptaning narxi bugungidan ikki baravar qimmat boʻlishi kerak”, dedi korxona masʼuli.
Hikmatulla Rahmatov hozirda poyezdlarga chiptalar yetishmayotganiga ham izoh berdi. Uning aytishicha, xalq boyib borayotgani tufayli sayohat qiluvchilar koʻpaymoqda.
“Oʻzbekistonning ichki yalpi mahsuloti oshib borgani sari xalqimiz boyimoqda. Natijada boshqa shaharlarga sayohat qilish, turizm kuchaymoqda. Shuning uchun poyezdlar va chiptalar yetishmayapti. Hozirda poyezdlarda yiliga 12 million yoʻlovchi tashiladi. Buni keyingi 10 yilda toʻrt barobarga oshirmoqchimiz. Oxirgi 2,5 yilda vagonlar sonini salkam 1,5 barobarga koʻpaytirdik. Bugun oddiy poyezdlarimizda yurgan yoʻlovchilar ulushi 110 foizni tashkil etadi. Yaʼni poyezdlar yetkazib bera olmayapmiz. Yetishmovchilik juda yuqori. Chunki servisimiz koʻlami ham oshib bormoqda”, dedi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisining birinchi oʻrinbosari.
Avvalroq Senat majlisida senator Abdurahim Erkayev tezyurar poyezd chiptalari samolyot chiptalaridan qimmat bo‘lib ketganini aytgandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisi Zufar Narzullayev eʼtirozga javoban, bu normal holat ekanini bildirgan. Butun dunyoda tezyurar poyezdlar chiptalari samolyot va oddiy poyezdlarnikidan qimmat yurishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-fevraldan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi poyezd chiptalari, xususan, “Afrosiyob” biletlari 20−25 foizga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” biletlari narxini 30 foizga oshirgandi.
Hozirda “Afrosiyob” poyezdida Toshkent shahridan Samarqandga borishning eng arzon narxi — 270 ming soʻm. Oʻrindiqli “Sharq” poyezdlari uchun chiptalar 179 ming 250 soʻmdan. “Afrosiyob”da Toshkentdan Buxoroga minimum 443 ming soʻmga yetib olish mumkin. Oʻrindiqli “Sharq” poyezdi esa ushbu manzilga 246 ming soʻmga eltib qoʻyadi.








