Daryo

Ispaniyada yana ikkita poyezd halokatga uchradi. Temir yo‘l qatnovi to‘xtatildi

Alohida sodir bo‘lgan ikki hodisadan birida mashinist halok bo‘lib, 37 kishi jarohatlandi.

2 daqiqa o‘qish4 859 ko‘rishlar0 izoh2

Ispaniyaning Barselona shahri yaqinida ikkita poyezd relsdan chiqib ketdi. Alohida hodisalardan birida bir kishi, mashinist halok bo‘ldi va kamida 37 kishi jarohatlandi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Bu fojialar poytaxt Madridda yaqinida ro‘y bergan mudhish poyezdlar to‘qnashuvidan atigi ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, 20-yanvar kuni kechqurun Rodalies tarmog‘iga tegishli poyezd Gelida va Sant-Sadurni stansiyalari oralig‘ida yo‘l chetidagi tayanch devorga borib urilgan. Kataloniya yong‘in xavfsizligi inspektori Klaudi Gallardoning so‘zlariga ko‘ra, kuchli bo‘ron oqibatida devor qulab, temiryo‘l iziga tushib qolgan. To‘qnashuv oqibatida:

  • poyezd mashinisti halok bo‘lgan;
  • kamida 37 kishi jarohatlangan (shundan 5 nafari og‘ir, 6 nafari o‘rtacha va 26 nafari yengil holatda);
  • jarohatlanganlar Moises Broggi, Bellvitge va Vila Franca shifoxonalariga yetkazilgan.

Voqea joyiga 11 ta tez yordam mashinasi va 35 ta o‘t o‘chirish guruhi safarbar etilgan. Poyezd ichida qisilib qolgan bir yo‘lovchi qutqarib olindi. Hududda boshqa qurbonlar yo‘qligini aniqlash uchun qo‘shimcha qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Yana bir avariya

Xuddi shu kuni Barselona shimoli-sharqidagi Blanes va Masanet-Massanes yo‘nalishida yana bir poyezd relsdan chiqib ketgan. Ispaniya temiryo‘l operatori Adif bergan bayonotga ko‘ra, bo‘ron ko‘chirib yuborgan tosh poyezd o‘qiga kelib urilgan. Tasodif tufayli ushbu hodisada hech kim jabrlanmagan.

Transport inqirozi

Ketma-ket sodir bo‘lgan avariyalar sababli Rodalies tarmog‘ida harakat butunlay to‘xtatildi. El Pais nashrining yozishicha, 21-yanvar kuni ertalab 400 mingga yaqin yo‘lovchi poyezd xizmatidan foydalana olmaydi. Hozirda barcha yo‘llarda xavfsizlik tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

Motam kunlari

Kataloniyadagi ushbu hodisalar 18-yanvar kuni Andalusiyaning Adamus hududida ro‘y bergan dahshatli fojiadan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi. O‘shanda Madridga yo‘l olgan tezyurar poyezd relsdan chiqib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi boshqa bir tezyurar poyezd bilan to‘qnashib ketgan edi.

So‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik temir yo‘l halokati deb baholanayotgan o‘sha to‘qnashuvda kamida 42 kishi qurbon bo‘lgani ma’lum qilindi. Ayni damda Ispaniyaning shimoliy va sharqiy sohilbo‘yi hududlarida noqulay ob-havo tufayli yuqori darajadagi xavf e’lon qilingan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar