Daryo

Surxondaryoda poyezdda yo‘lovchi ayolga shilqimlik qilgan chipta sotuvchisi 5 sutkaga qamaldi

Erkak ayolga keyingi bekatda tushishni taklif qilib, buning uchun yo‘l haqini o‘zi to‘lashini bildirgan.

1 daqiqa o‘qish4 121 ko‘rishlar0 izoh3

Surxondaryo viloyatida shaharlararo poyezdda yo‘lovchi ayolga shilqimlik qilgan chipta sotuvchisi 5 sutkaga qamaldi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda chipta sotuvchisi D.M. 1-iyun kuni soat 22:15 larda Sariosiyo—Termiz yo‘nalishida harakatlangan yo‘lovchi poyezdda Uzun tumanida yashovchi ayolga chipta pulini o‘zi to‘lashini aytib, shilqimlik qilgan.

Jabrlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, u manzilga yaqinlashganda chipta sotuvchisi uning orqasidan kelib quchoqlagan. Ayol undan o‘zini qo‘yib yuborishni talab qilganiga qaramay, erkak yana uni quchoqlashga uringan. Bundan tashqari erkak ayolga keyingi bekatda tushishni taklif qilib, yo‘l haqini ham o‘zi to‘lashini aytgan.

Sud qarori bilan D.M. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-¹-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun aybli deb topgan. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mart oyida Toshkent—Termiz yo‘nalishidagi poyezdda ketayotgan yo‘lovchi ayolga shilqimlik qilgan vagon kuzatuvchisi 5 sutkaga qamalgandi. Bundan tashqari sud tomonidan Toshkentda metro va poyezd vagonida shilqimlik qilgan shaxslarga ham 5 sutka tayinlangandi.

  • Shahvoniy shilqimlik qilgan uchun jazo

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasiga ko‘ra, shahvoniy shilqimlik qilish, ya’ni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir marta qo‘pol ravishda yoki bir necha marta sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar