O‘zbekiston milliy terma jamoasi “Al Ain International Cup” o‘rtoqlik turnirida bosh sovringa ega chiqdi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa 2 o‘yinda 2 ta g‘alaba qayd etdi. Mazkur natijalar evaziga “oq bo‘rilar” FIFA reytingi uchun 9,69 ball qo‘shib oldi.
Ayni paytda O‘zbekistonning umumiy ochkolari 1462,03 ga yetdi va terma jamoa FIFAning onlayn reytingida 5 pog‘ona ko‘tarilib, 50-o‘rinni egallab turibdi.
Kannavaro jamoasi musobaqaning yarim final bosqichida Misrdan 2:0 hisobida ustun keldi. Jamoa ushbu g‘alaba evaziga o‘z hisobiga 5.70 ball qo‘shib oldi. Jamoa 18-noyabr, seshanba kuni finalda Eronni penaltilar seriyasida mag‘lub etdi (Asosiy vaqtda hisob ochilmadi — 0:0, penaltilar seriyasida — 4:3). Ammo bu o‘rtoqlik uchrashuvi hamda asosiy vaqtda durang qayd etilgani ortidan 3,99 ball berildi. Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z hisobiga umumiy hisobda 9,69 ball qo‘shib qo‘ydi.
Natijada jamoa Qatarni ortda qoldirib, Osiyoning eng kuchli 5 ta jamoasi qatoriga qo‘shilib oldi. Qatar noyabr oyidagi FIFA kunlarida bitta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi. Jamoa 17-noyabr kuni Zimbabvega qarshi maydonga tushib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi va 7,85 ball yo‘qotdi.

Ma’lumot uchun, ayni paytda FIFA reytingida Ispaniya terma jamoasi yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi pog‘onadan Argentina joy olgan bo‘lsa, kuchli uchlikni Fransiya yakunlab bergan.








