Daryo

Samarqandda hujjati bekor qilingan “dom”lar sotilmoqda. Masʼullar ogohlikka chaqirdi

“Hurmatli yurtdoshlar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan shu kabi reklama va eʼlonlarga ishonish kelgusida turli xil sarsongarchiliklarga olib kelishi mumkin”, deydi masʼullar.

2 daqiqa o‘qish2 714 ko‘rishlar0 izoh2

Samarqand viloyatida masʼul tashkilotlar tomonidan hujjatlari bekor qilingan koʻp qavatli uylar sotuv uchun reklama qilinmoqda. Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi xaridorlarni ogohlikka chaqirmoqda.

Yurtimizda koʻp qavatli turar joy binolari qurilib, aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyoji taʼminlanmoqda. Biroq ayrim holatlarda ijtimoiy tarmoqlarda shaharsozlik hujjatlari bekor qilingan obyektlar reklama qilinayotgani kuzatilmoqda. Ana shunday qurilishlardan biri Samarqand tumanining “Oʻzbekkent” mahallasida joylashgan “Yangi maskan” turar joy majmuasidir. Mazkur obyektning shaharsozlik hujjatlari bekor qilingan, deydi bosh boshqarma axborot xizmati rahbari Sarvar Bobonazarov.

Maʼlum boʻlishicha,Vostok Product City MCHJga qarashli kompaniyaning 16 ta koʻp qavatli uylardan iborat loyihasi hujjatlari qurilish va shaharsozlik qoidalariga zid ekani aniqlangan.

Foto: Samarqand viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi

Bu holat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi qoshidagi shaharsozlik sohasidagi nizolarni sudga qadar koʻrib chiqish va hal etish boʻyicha idoralararo komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilib, shaharsozlik hujjatlari bekor qilingan. Shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻini norozilik bildirib, mazkur masalada sudga murojaat qilgan. Natijada Samarqand viloyat maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan mazkur masala koʻrib chiqilib, ushbu shaharsozlik hujjatlari haqiqiy emas deb topildi. Shunga qaramay ijtimoiy tarmoqlarda ushbu manzildagi obyekt haqida hali ham xonadonlarni sotishga qaratilgan reklama va turli eʼlonlar tarqatilmoqda, deydi masʼul.

​

Foto: Samarqand viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi

Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi uy xarid qilmoqchi boʻlganlarni bundayin reklamalarga ishonib qolmaslikka chaqirmoqda.

Hurmatli yurtdoshlar, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan yuqoridagi kabi reklama va eʼlonlarga ishonish kelgusida turli xil sarsongarchiliklarga olib kelishi mumkin. Yangi tartibga koʻra qonuniy qurilayotgan barcha obyektlarda QR-kodli elektron pasportlar joriy qilingan. Fuqarolar ushbu QR-kodni skaner qilishlari orqali hududda qanday obyekt qurilayotgani, shaharsozlik hujjatlari va qachon foydalanishga topshirilishi kabi maʼlumotlarni olishi mumkin. Agarda obyektda QR-kod mavjud boʻlmasa, bu noqonuniy obyekt degan xavfni bildirishi mumkin. Reklama toʻgʻrisidagi qonun talablarini ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi tegishli davlat tashkilotlaridan mazkur holatga alohida eʼtibor qaratishlarini soʻrab qolamiz, deydi masʼullar.

​

Foto: Samarqand viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi

Mazkur koʻp qavatli uylarni tarmoqlarda reklama qilganlardan bu haqida soʻralganda ular bu reklamalarni tarmoqlardan oʻchirishlarini bildirgan. Shuningdek, bundan keyingi faoliyati davomida uylarning barcha hujjatlarini tekshirib, keyin reklama qilishlarini maʼlum qilgan.

Qashqadaryodanman. 2012-yil O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2018-yildan beri ishlayman. Yoqtirgan kino va filmlarim ko‘p, ammo ular orasida “Jigar” bo‘lakcha. Kitoblardan esa Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar asari yoqadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar